Farg‘ona tumani hokimligining rasmiy munosabati
2026-06-03 20:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona tumanining Satkak mahallasida sel suvlari oqibatida aholi xonadonlari suv ostida qolgani aks etgan video murojaat tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona tumani hokimligi, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Davronbek Otamirzayev hamda tegishli mutasaddilardan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib, o‘rganish ishlarini olib bordi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 27-may kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida mahalla hududidagi dala maydonlariga berilgan suv yomg‘ir suvlari bilan qo‘shilib, ariq-zovur kollektor tashlamasi (paynov) orqali oqib chiqishi jarayonida ariq toshgan. Natijada suv Satkak ko‘chasidagi yangi asfaltlangan yo‘l orqali oqib o‘tgan.
O‘rganishlar davomida ushbu holat oqibatida aholi xonadonlariga, tomorqalardagi ekin va o‘simliklarga, chorva mollari hamda boshqa jonivorlarga hech qanday zarar yetmaganligi, fuqarolar xavfsizligiga ham tahdid yuzaga kelmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, videotasvir aholi xonadonlarini suv bosgani sababli emas, balki yangi yotqizilgan asfalt qoplamaga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “Sirdaryo–So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda tuman Nasos stansiyalaridan foydalanish bo‘limi mas’ullariga fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, ariq-zovur kollektor tashlamalarini hududdagi mavjud zovurga qayta yo‘naltirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.






