Deputatlik nazorati doirasida qurilish loyihasi o‘rganildi
2026-06-03 09:15:00 / Majlislar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashi qarori ijrosini ta’minlash hamda 2026-yilda Farg‘ona tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar monitoringi izchil davom ettirilmoqda.
Shu maqsadda tuman Kengashi deputati, tuman Kengashi raisi Bahodir Ahmadjonov tomonidan “Yuqori Archa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Zamin Ziyo Nur” MChJ tomonidan barpo etilayotgan obyekt faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida qurilish-montaj ishlarining borishi, loyiha doirasida belgilangan vazifalarning ijrosi, shuningdek, qurilish ishlarining sifat darajasi va muddatlarga rioya etilishi holati ko‘zdan kechirildi.
Ta’kidlanganidek, hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya va qurilish loyihalarining sifatli hamda o‘z vaqtida bajarilishi yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha loyiha ijrosini jadallashtirish va belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Mazkur obyekt bo‘yicha qurilish ishlarining borishi deputatlik nazoratida davom ettiriladi.


