Zamonaviy intensiv bog‘larni barpo etish masalalari muhokama qilindi
2026-06-01 20:15:00 / Majlislar

Farg‘ona tumani “Farg‘ona” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Farg‘ona tumani hokimligi, Qishloq xo‘jaligi bo‘limi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tuman bo‘limi hamda “Farg‘ona-Agro Star” MChJ hamkorligida eskirgan va samarasiz bog‘larni yangilash, ularning o‘rnida zamonaviy intensiv bog‘larni tashkil etish mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Farg‘ona tumani hokimi o‘rinbosari Murodil Qosimjonov, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tuman bo‘limi vakillari, “Farg‘ona-Agro Star” MChJ rahbar va mutaxassislari, hududdagi mahalla yettiligi hamda bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdilar.
Seminar davomida intensiv bog‘ va tokzorlarni tashkil etishning zamonaviy usullari, hosildorlikni oshirish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda sohaga innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, eskirgan va iqtisodiy samaradorligi past bog‘larni bosqichma-bosqich yangilash, ilg‘or agrotexnologiyalarni keng qo‘llash hamda fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.









