Farg‘ona tumanida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi
2026-05-19 15:35:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning ichki dunyosi, qiziqish va muammolarini o‘rganish har bir rahbar oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Farg‘ona tumani hokimi oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Xamidaxon Abdug‘aniyeva tomonidan "Mozortagi" hamda "Avval" mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan yuzma-yuz uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi, bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda hayotda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi samimiy ruhda, faol muloqot va ko‘tarinki kayfiyat ostida o‘tdi.

