Farg‘ona tumanida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi
2026-05-14 23:05:00 / Yangiliklar

“Yoshlar kuni” munosabati bilan Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik G‘anijon Alaviddinov tomonidan Farg‘ona tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchi yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv davomida boshqarma boshlig‘i o‘zining ko‘p yillik sharafli xizmat faoliyati, xizmat jarayonida duch kelgan murakkab sinovlar hamda yirik favqulodda vaziyatlarda insonlar hayotini saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilgan qutqaruv ishlari haqida yoshlar bilan batafsil fikr almashdi. Ayniqsa, hayotiy voqealar asosida keltirilgan misollar o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida “Maxsus qutqaruvchi — sharafli kasb” nomli videorolik namoyish etilib, unda qutqaruvchilarning fidokorona mehnati, jasorati, yuksak mas’uliyati hamda xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lidagi xizmatlari yorqin aks ettirildi. Ushbu videolavha yoshlarning qutqaruvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Uchrashuv yakunida faol savollari, teran fikrlari hamda tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bir guruh o‘g‘il-qizlar boshqarma boshlig‘i tomonidan badiiy kitoblar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.






