Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Turkiyaning “Lezita” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi
2026-05-14 22:35:00 / Yangiliklar

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Turkiyaga amaliy tashrifi davomida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tashrif doirasida viloyat vakillari Turkiyaning eng yirik va yetakchi parrandachilik kompaniyalaridan biri bo‘lgan "Lezita"da bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish majmuasi Izmir viloyatining Kemalpasha tumanida joylashgan. Shuningdek, Malatya shahrida ham yirik zavodi mavjud.
Delegatsiya a’zolariga parranda boqish, yetishtirish va qayta ishlashning to‘liq sikli, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlarga asoslangan yuqori samarali ishlab chiqarish jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Kompaniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan muloqotda Farg‘ona viloyatida parrandachilik yo‘nalishida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.


