Fargʻona tumani hokimligi Axborot xizmatining rasmiy munosabati
2026-05-13 12:00:00 / Rasmiy munosabatlar
“Xalq soʻzi” gazetasining 2026-yil 12-may kungi 95-sonida chop etilgan “Satkak Aziz” qachon aziz boʻladi?” nomli tanqidiy maqolada Fargʻona tumanining “Satkak” mahalla fuqarolar yigʻinidagi ayrim ijtimoiy va infratuzilmaviy masalalar koʻtarib oʻtilgan.
Mazkur maqolada keltirilgan holatlar yuzasidan Fargʻona tumani hokimligi tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi hamda quyidagilar maʼlum qilinadi.
“Satkak” mahalla fuqarolar yigʻinida ayni paytda 780 ta oilada jami 3 ming 750 nafar aholi istiqomat qiladi. Hudud aholisi asosan dehqonchilik va chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanadi.
Mahallani turizm marshrutlari roʻyxatiga kiritish boʻyicha tashabbuslar 2025-yildan boshlab yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ushbu yoʻnalishda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 665-sonli “Shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalari hamda ichki xoʻjalik yoʻllari infratuzilmasini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori hamda Xalq deputatlari Fargʻona tuman Kengashining 2025-yil 25-apreldagi tegishli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2026-yil 1-mart kuni “Satkak” MFY hududidagi Satkak koʻchasining 400 metr qismi asfaltlashtirildi.

Mazkur ishlar hududda transport qatnovini yaxshilash, piyodalar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish, ichki yoʻllar infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish maqsadida bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-17-son Farmoni hamda 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida, tuman Kengashi deputatlarining takliflari va “Fargʻona suv taʼminoti” AJ Fargʻona tumani filialining tegishli murojaati asosida jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 300 million soʻm ajratildi.
Ajratilgan mablagʻlar hisobidan “Satkak” mahalla fuqarolar yigʻinida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida keng koʻlamli amaliy ishlar bajarildi. Xususan, mahalla faollari ishtirokida umumiy uzunligi 2 kilometr boʻlgan, diametri 76 millimetrli quvurlardan iborat yangi suv tarmoqlari tortildi.

Mazkur ishlar aholi hayot sifatini yaxshilash, mavjud infratuzilmaviy muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish hamda hududda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hududdagi muammolarni hal etish maqsadida Fargʻona tumani hokimligi huzuridagi “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash” jamgʻarmasi mablagʻlari asosida qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, “Satkak” mahallasida aholi murojaatlari va mavjud muammolar mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida muntazam ravishda joyiga chiqqan holda muhokama qilinmoqda. Hududni obodonlashtirish, yoʻl va kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, mahalla qiyofasini yanada zamonaviylashtirish boʻyicha amaliy choralar koʻrilmoqda.

Mahalla binosining mavjud sigʻimi torligi sababli hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda ijtimoiy xodimlar faoliyati uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida binoni davlat-xususiy sheriklik asosida kengaytirish va zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan. Hozirda mazkur masala yuzasidan mahalliy tadbirkorlar bilan kelishuv ishlari olib borilmoqda.
Hududdagi eski simyogʻochlarni beton tayanch ustunlarga almashtirish orqali elektr taʼminoti xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash masalasi yuzasidan tuman Elektr tarmoqlari korxonasiga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berilgan. Mazkur ishlarni qoʻshimcha dasturlarga kiritish orqali bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahalla aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi ham mavjud tartib asosida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, hududning Fargʻona shahri bilan yaqin joylashganligi sababli fuqarolar asosan shahardagi 91-sonli oilaviy shifokorlik punktiga, mahallaning “Oqbilol” MFYga yaqin qismida istiqomat qiluvchi aholi esa “Oqbilol” oilaviy shifokorlik punktiga murojaat qilib kelmoqda. Hozirgi kungacha ushbu holat aholi uchun jiddiy noqulaylik tugʻdirmagan.
Biroq, hudud aholisi uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida “Satkak” mahallasi hududida oilaviy shifokorlik punktini tashkil etish yuzasidan Fargʻona tumani tibbiyot birlashmasiga tegishli takliflar kiritilgan.
Fargʻona tumani hokimligi tomonidan hududdagi mavjud muammolarni tizimli ravishda hal etish, aholi turmush sharoitlarini yaxshilash hamda infratuzilmaviy loyihalarni izchil davom ettirish boʻyicha amaliy ishlar davom ettiriladi.
