Turkiyada “Keskinoğlu” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-05-14 12:00:00 / Yangiliklar

Turkiya Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev boshchiligidagi delegatsiya Manisa viloyatining Akhisar shahrida joylashgan parrandachilik sohasidagi yirik va nufuzli korxonalardan biri — “Keskinoğlu” kompaniyasi rahbari Ilker Dinçer bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida parrandachilik yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Keskinoğlu” kompaniyasi tarkibida zamonaviy ozuqa ishlab chiqarish zavodlari, inkubatsiya markazlari va seleksiya fermalari faoliyat yuritib, mahsulotlarni qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat delegatsiyasi a’zolari korxonadagi ilg‘or ishlab chiqarish va boshqaruv tajribasi bilan yaqindan tanishdi.
Muloqot yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.




