"Toshqo‘rg‘on Aziz" mahallasida manzilli o‘rganish olib borildi
2026-05-13 20:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Senat qarorlari ijrosini ta’minlash, shuningdek mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, tuman Kengashi kotibiyat mudiri Shuxratjon Rahimov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi Ozodaxon Dadajonova tomonidan "Toshqo‘rg‘on Aziz" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida manzilli o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida mahallada faoliyat yuritayotgan mas’ullarning ish samaradorligi, aholining bandligi, ajratilgan kreditlarning manzilliligi hamda ijtimoiy ehtiyojmand fuqarolarga ko‘rsatilayotgan yordamlar holati tahlil qilindi.
Shuningdek, hududdagi tadbirkorlik obyektlari faoliyati ko‘zdan kechirilib, tadbirkorlar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida mavjud muammolar, tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari va aholining murojaatlari yuzasidan fikr almashildi.
O‘rganish jarayonida Tarovat ko‘chasida elektr energiyasi kuchlanishining pastligi sababli aholiga noqulayliklar yuzaga kelayotgani aniqlanib, mavjud transformator punktini yuqori quvvatlisiga almashtirish hamda qo‘shimcha beton tayanch ustunlariga ehtiyoj borligi qayd etildi.



