Farg‘ona tumanida aholi uchun sayyor qabul tashkil etildi
2026-04-24 18:00:00 / Ochiq muloqotlar

Farg‘ona tumani aholisi uchun Saidfarrux Islomov ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Tuman markazidagi Xalq qabulxonasi binosida tashkil etilgan mazkur qabul davomida fuqarolarning ijtimoiy himoya sohasiga oid murojaatlari atroflicha tinglandi va o‘rganildi. Shu kuni 33 nafar fuqaro nogironlikni belgilash, “Faol hayotga qadam” dasturi asosida ijtimoiy xizmat biriktirish, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash, uy ta’miri, dori-darmon vositalarini xarid qilish uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan mablag‘ ajratish bo‘yicha murojaat qildi. Shundan 7 ta murojaat nazoratga olindi, 13 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Kelib tushgan murojaatlarning 13 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal qilinib, Xamidullo Inomov va tegishli mas’ullar bilan birgalikda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar belgilab olindi.
Bunday sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, ularni qiynayotgan muammolarga tezkor yechim topish hamda ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









