Farg‘ona tumanida “Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari g‘oliblari tantanali taqdirlandi
2026-04-23 22:00:00 / Ochiq muloqotlar

“Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida Farg‘ona tumani “Bahor” mahallasi hududidagi 2-son sport maktabida “Olimpiya cho‘qqilari” tuman hokimi olimpiadasi sport musobaqalarining tuman bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda Farg‘ona tumani hokimi Xamidullo Inomov, tuman prokurori Oybek Toshpo‘latov, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Murodjon Qunduzov, hokim o‘rinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Musobaqalar davomida 1500 nafardan ziyod yoshlar sportning 13 turi bo‘yicha o‘zaro bellashib, jismoniy tayyorgarlik, iroda va mahoratlarini namoyon etdilar. Qizg‘in va murosasiz bahslar yakunida tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 200 nafarga yaqin ishtirokchilarga tuman hokimining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, tadbir davomida Sport vazirligi hamda Farg‘ona viloyat sport boshqarmasi tomonidan mahallalardagi yoshlar yetakchilari va seleksioner trenerlar uchun ajratilgan sport formalari tantanali ravishda topshirildi.









