Farg‘ona tumani “Boy mahalla” mahalasida yangi tarmoqlar tortildi
2026-04-21 19:00:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumanida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yashash sharoitlarini yaxshilash hamda infratuzilmani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-17-sonli farmoni hamda 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida muhim amaliy chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Mazkur hujjatlar asosida aholi hayot kechirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy muammolarni bartaraf etish maqsadida Farg‘ona tumani hokimligi huzuridagi “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash” jamg‘armasi mablag‘lari yo‘naltirilmoqda.
Jumladan, tuman Kengashi deputatlarining takliflari inobatga olinib hamda “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ Farg‘ona tumani filialining tegishli xatiga asosan jamg‘arma hisobidan 300 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar evaziga tumandagi “Boy mahalla” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, mahalla faollari ishtirokida umumiy uzunligi 6 kilometrni tashkil etuvchi suv tarmoqlari tortildi. Shundan 3 kilometri 110 millimetrli, yana 3 kilometri 76 millimetrli quvurlardan iborat.
Amalga oshirilgan ushbu ishlar hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, turmush darajasini yaxshilash hamda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu kabi loyihalar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.






