Farg‘ona tumanida “Vatanga qasamyod” marosimi yuqori ruhda o‘tkazildi
2026-04-19 16:05:00 / Yangiliklar

Bugun Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining barcha harbiy qismlarida yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilarni “Vatanga qasamyod”ga keltirish marosimlari ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. Xalqimiz milliy armiya saflarida xizmat qilayotgan farzandlariga doimo g‘urur va iftixor bilan qarab, Qurolli Kuchlarimizning mudofaa salohiyatiga yuksak ishonch bildiradi.
Shu munosabat bilan Farg‘ona tumanidagi 9208-harbiy qism o‘quv punktida 2026-yil chaqiruvidagi 194 nafar muddatli harbiy xizmat oddiy askarlarining “Vatanga qasamyod” qabul qilish marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi.
Tadbirda faxriylar, nuroniylar, chaqiriluvchilarning ota-onalari, yaqinlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Marosim avvalida muddatli harbiy xizmat oddiy askarlari tantanali ravishda Vatanga qasamyod qabul qildilar. Jumladan, oddiy askar Turdiqulov Javohir Axmadjon o‘g‘li minbarga chiqib qasamyod matnini o‘qidi. Shundan so‘ng o‘quv vzvodi komandirlari tomonidan tegishli bildiruvlar berildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar safga qo‘shilgan yosh askarlarni ushbu sharafli kun bilan samimiy tabriklab, ularning Vatanga sadoqat, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lidagi mas’uliyatli burchini sidqidildan ado etishlariga ishonch bildirdilar. Jumladan, Farg‘ona tumani hokimi Xamidullo Inomov, DXX Chegara qo‘shinlari “Sharq” operativ qo‘mondonligi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Akbarali Qosimov, faxriy harbiylar va jamoatchilik vakillari o‘z tilaklarini izhor etdilar.
Marosimning badiiy qismi ham yuksak saviyada tashkil etildi. Unda askarlar tomonidan badantarbiya va sport mashqlari, harbiy tayyorgarlik elementlari, jumladan, qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish, taktik harakatlar hamda qo‘l jangi usullari namoyish etildi. Tadbir Farg‘ona tumani Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar bilan davom etib, O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi Ilhom Ibrohimov hamda estrada xonandasi Saida Aslzoda tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bayramona kayfiyatni yanada oshirdi.









