Farg‘onada “Farg‘ona – Xitoy” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2026-04-17 18:05:00 / Yangiliklar

17-aprel kuni Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona – Xitoy” biznes-forumi tashkil etildi. Mazkur forum mahalliy tadbirkorlar uchun xitoylik ishbilarmonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, yangi hamkorlar topish hamda biznes faoliyatini kengaytirish borasida muhim imkoniyatlar yaratdi.
Forumda Farg‘ona tumanida faoliyat yuritayotgan bir qator tadbirkorlar ham faol ishtirok etib, o‘zlariga mos yo‘nalishlarda hamkorlar topish uchun samarali muzokaralar olib bordilar.
Xususan, “EKOKERAMA” MChJ va “EVAKS FABRIC” MChJ rahbarlari hamda xitoylik tadbirkorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar davomida qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalaniladigan kalsit, gips, kaolin, kvarts qumi va dala shpati kabi xomashyo resurslarini Farg‘ona hududida tozalash va boyitishga qaratilgan investitsiya loyihasi yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi. Mazkur loyiha qiymati 15 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida 3D-gilamlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan granulalarni hamkorlikda ishlab chiqarish bo‘yicha yana bir istiqbolli loyiha taklif etildi. Ushbu loyiha qiymati 7 million AQSH dollariga baholanmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin bir oy ichida kengaytirilgan tarkibda qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish, taklif etilgan loyihalarni batafsil o‘rganish hamda keyingi bosqichda o‘zaro manfaatli kelishuvlarni imzolashga kelishib oldilar.



