Farg‘ona tumanida turizm salohiyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi
2026-04-13 20:35:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumani hokimligi Axborot xizmati tomonidan “Farg‘ona” turistik-rekratsion zonasi direktsiyasi hamda “Turonbank” ATB bilan hamkorlikda “Sanoat” MFY hududida joylashgan 33,2 gektar yer maydonida press-tur tashkil etildi.
Mazkur hudud “Turonbank” ATB investitsion kompaniyasi — “Turon Farg‘ona bog‘lari” MChJ tomonidan ijaraga olingan bo‘lib, unda “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida zamonaviy malina plantatsiyasi barpo etilmoqda. Press-tur aynan ushbu loyiha misolida hududda amalga oshirilayotgan investitsion va infratuzilmaviy ishlarga ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Farg‘ona tumanida turizm salohiyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, xususan, Shohimardon va Yordon qishloqlari, Vodil, Avval hamda Chimyon shaharchalarining master rejalarini ishlab chiqish jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Hududlarning tabiiy-iqlimiy sharoiti, mavjud infratuzilma imkoniyatlari va investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, press-tur davomida qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarini o‘zaro integratsiya qilish, agro va eko-turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali hudud iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.






