Farg‘ona tumanida turistik-rekratsion zonani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
2026-04-13 20:05:00 / Majlislar

Farg‘ona tumani hokimligida tuman hokimining o‘rinbosari Akbarjon Axrorov boshchiligida “Farg‘ona” turistik-rekratsion zonasi direktsiyasi hamda “Silk Road” International University of Tourism and Cultural Heritage hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi PQ-5-sonli “Farg‘ona” turistik-rekratsion zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mazkur tadbir hududda turizm sohasini jadal rivojlantirish, investitsion jozibadorlikni oshirish hamda mavjud tabiiy va madaniy salohiyatdan samarali foydalanish masalalarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi.
Anjuman davomida qarorning mazmun-mohiyati, uning hudud iqtisodiyoti va turizm infratuzilmasini rivojlantirishdagi strategik ahamiyati ishtirokchilarga batafsil tushuntirildi.
Shuningdek, direktsiya mas’ullari tomonidan turistik-rekratsion zonani tashkil etish doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan infratuzilma loyihalari, xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, zamonaviy turizm obyektlarini barpo etish hamda hududning investitsion salohiyatini kengaytirish yo‘nalishlari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha va asosli javoblar berildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan anjumanda turizm sohasini rivojlantirishga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.




