Farg‘ona tumanida pillachilik mavsumiga start berildi
2026-04-12 08:00:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumanida pilla qurtini yetishtirish mavsumiga rasman start berildi. Tumandagi “Oqbilol” mahallasida tuman hokimi Xamidullo Inomov, Farg‘ona viloyati “Agropilla” mas’ullari, hokim o‘rinbosarlari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirokida tadbir tashkil etilib, ezgu tilaklar bilan duo qilindi hamda pilla qurti urug‘lari joylashtirish uchun topshirildi.
Joriy yilda tumanda 3536 quti ipak qurti parvarish qilinib, 212 tonna pilla hosili yetishtirish rejalashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar hududda pillachilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda 1 kilogramm pilla narxi 55 ming so‘m etib belgilangan bo‘lib, shundan 40 ming so‘mi pillachilik klasteri tomonidan, 15 ming so‘mi esa davlat subsidiyasi sifatida to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, pillachilik bilan shug‘ullanuvchi aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir qurt boquvchiga 3 yil muddatga foizsiz 20 million so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan. Mazkur mablag‘lar qurt boqish xonalarini jihozlash, zarur asbob-uskunalar xarid qilish hamda boshqa ehtiyojlarni qoplashga yo‘naltiriladi.






