Chegaraoldi hududlarida mahalla raislari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-04-06 15:05:00 / Ochiq muloqotlar

Fargʻona tumani chegaraoldi hududlaridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etildi. Uchrashuv odatdagidan farqli ravishda tabiat qo‘ynida, erkin suhbat shaklida o‘tkazildi.
Unda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi mas’ul xodimi Asqar Jalilov, viloyat boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Ziyavitdinov, tuman bo‘limi rahbari Diyorbek Xomidov, tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi Abduxoshim Xalimov, 9229-harbiy qism mas’ul xodimlari hamda mahalla raislari ishtirok etdi.
Muloqot davomida mahalla raislari uchun yaratilgan sharoitlar, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolar atroflicha o‘rganildi. Asosiy e’tibor mahalla raislari hamda mahalla “yettiligi”ning huquqiy bilimini oshirish masalasiga qaratildi. Shu maqsadda targ‘ibot materiallarini ko‘paytirish, xodimlarning bilim va tajribasini mustahkamlash uchun metodik ishlanmalar tayyorlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, Raqamli mahalla platformasini yanada takomillashtirish, undan samarali foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, qog‘ozbozlikdan bosqichma-bosqich voz kechib, to‘liq elektron hujjat almashinuviga o‘tish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ishsizlikni kamaytirish, bandlikni ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida aniq vazifalar belgilab olindi. Har bir mahalla ushbu ko‘rsatkichlarga sifatli va o‘z vaqtida erishishi muhimligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, mahallalarda shakllanayotgan soliq tushumlarining shaffof sarflanishi, mablag‘larni “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish, ichimlik va sug‘orish suv ta’minotini yaxshilash, kam ta’minlangan oilalar tomorqalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot yakunida mahalla raislari tomonidan ilgari surilgan dolzarb takliflar asosida alohida yo‘l xaritalari ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.









