Yordon mahallasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi
2026-04-02 17:05:00 / Ochiq muloqotlar

“Yoshlar kuni” munosabati bilan Fargʻona tumani anklav hududi hisoblangan “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 2-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar ushbu hududda tug‘ilib voyaga yetgan, butun O‘rta Osiyo xalqlari orasida mashhur bo‘lgan Lochin polvon Usmonov xotirasini yod etib, uning qabrini ziyorat qildilar.
Shundan so‘ng maktabda Nuroniy jamgʻarmasi tuman bo‘limi raisi Tursunboy Madaliyev ishtirokida yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida qishloq nuroniylari, turli soha vakillari hamda yoshlar tomonidan mamlakatimizda, jumladan, eng chekka hududlarda ham yaratilayotgan sharoitlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari 9115-harbiy qism komandiri, polkovnik O. Rahmatov tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat qilayotgan, Yordon qishlog‘ida tug‘ilib, mazkur maktabda tahsil olgan Ilyosov Fayyoz Farxodjon oʻgʻlining ota-onasiga yo‘llangan “Tashakkurnoma” hamda tuman “Nuroniy” jamg‘armasining esdalik sovg‘alari uning onasi Maʼrifatxon Allonovaga tantanali ravishda topshirildi.
Yordon qishlog‘ida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tib, yoshlarni Vatanga sadoqat, yurt ravnaqi yo‘lida faol bo‘lishga undovchi muhim muloqot maydoniga aylandi.






