Farg‘ona tumanida “Yashil makon” loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘chat ekish ishlari boshlandi
2026-04-01 18:30:00 / Yangiliklar

Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi.
Mazkur tadbirda respublikaning barcha hududlari qatori Farg‘ona viloyati ham videoaloqa orqali ulanib, yashil hududlar tashkil etish ishlarini boshlab berdi.
Xususan, Farg‘ona tumani “Yuqori Archa” MFY hududidagi 105 gektar maydonda “yashil bog‘” va “yashil belbog‘” barpo etish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bugunning o‘zida ushbu hududning 10 gektar qismida 2000 tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat nuroniylari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdilar.
Shuningdek, Farg‘ona tumani nuroniylari, yoshlari, davlat fuqarolik xizmatchilari hamda jamoatchilik vakillari ham ushbu ezgu tashabbusga o‘z hissalarini qo‘shdilar.









