Fargʻona tumanida tashabbusli byudjet doirasidagi muammolar oʻrganildi
2026-03-28 17:05:00 / Yangiliklar

Xalqni rozi qilish, hududlar farovonligini oshirish va aholi turmush darajasini yaxshilash — har bir deputat faoliyatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Bugungi kunda “Tashabbusli byudjet” tizimi fuqarolarga oʻz hududidagi muammolarni hal etishda muhim va shaffof mexanizm boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, obyektiv sabablarga koʻra yetarli ovoz toʻplay olmagan, ammo ijtimoiy ahvoli murakkab boʻlgan mahallalar ham mavjud. Ana shunday hududlarni aniqlash va ularga amaliy yechim topish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Fargʻona tumanida oʻrganishlar olib borildi.
“Gulpiyon” mahallasi
Qirgʻiziston bilan chegaradosh, togʻli va yogʻingarchilik koʻp boʻladigan hududda joylashgan ushbu mahallada aloqa sifati pastligi sababli fuqarolar ovoz yigʻish imkoniyatidan toʻliq foydalana olmagan. Mahalla ichki yoʻllarini asfaltlashtirish uchun 1 mlrd 647 mln 656 ming soʻm mablagʻ soʻralgan boʻlsa-da, loyiha gʻolib boʻlmagan. Natijada 50- va 36-maktablarga qatnovchi oʻquvchilar hanuz nosoz yoʻllardan foydalanishga majbur. 3 kilometrlik markaziy koʻchani asfaltlash dolzarb vazifa sifatida qayd etildi.
“Qorasuv” mahallasi
Hududdagi “Jomiy”, “Oqibat”, “Komillik”, “Ittifoq” va “Qadriyat” koʻchalariga jami 2,5 kilometrdan ortiq asfalt qoplamasi yotqizish zarur. Ushbu ishlar uchun 1 mlrd 647 mln 656 ming soʻm mablagʻ talab etilgan boʻlsa-da, yetarli ovoz toʻplanmagani sabab loyiha amalga oshmay qolishi mumkin. Taʼkidlanganidek, har bir taʼmirlangan yoʻl aholining kundalik hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.
“Oqtom” mahallasi
730 ta xonadon istiqomat qiladigan ushbu hududda elektr taʼminoti tizimi eskirgan boʻlib, quvvatning keskin pasayishi kuzatilmoqda. Bu holat aholi turmush darajasiga hamda hududdagi ijtimoiy vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Loyiha doirasida ajratilishi rejalashtirilgan 1 mlrd 700 mln soʻm mablagʻni elektr tarmoqlarini yangilash hamda 3 kilometrlik yoʻlni taʼmirlashga yoʻnaltirish zarurligi qayd etildi.
Qayd etilishicha, “Tashabbusli byudjet”da gʻolib boʻlmagan loyihalar eʼtibordan chetda qolmaydi. Eng dolzarb va muhim muammolarni tanlab, deputatlik koʻmagi hamda tegishli davlat dasturlari asosida ularni bosqichma-bosqich hal etish choralari koʻriladi.



