“Chimyon” bozorida yongʻin xavfsizligi boʻyicha profilaktik tadbirlar oʻtkazildi
2026-03-26 09:00:00 / Yangiliklar

Fargʻona tumani “Chimyon” bozorida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ul xodimlari, bozor ma’muriyati hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi bozor hududida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, xususan yong‘in sodir bo‘lganda yong‘in-qutqaruv maxsus texnikalarining erkin harakatlanishini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida bozor hududidagi kirish-chiqish yo‘laklari, savdo rastalari orasidagi yo‘laklar hamda maxsus texnikalar kirib borishi mumkin bo‘lgan hududlar o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida ayrim joylarda savdo rastalari va vaqtinchalik to‘siqlar maxsus texnikalar harakatlanishiga to‘sqinlik qilayotgani aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan bozor mas’ullariga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, tadbirkorlar va sotuvchilar bilan yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, gaz ballonlarini belgilangan tartibda saqlash hamda favqulodda vaziyat yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.









