Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaat yuzasidan rasmiy munosabat
2026-03-03 15:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "Fargʻona tumani “Satkak” MFY hududidagi yoʻllarni asfaltlash uchun mablagʻ ajratilgani, biroq hozirga qadar yoʻl taʼmirlash ishlari amalga oshirilmagani" haqidagi tanqidiy maqola yuzasidan Fargʻona tumani hokimligi rasmiy munosabati.
Mazkur murojaat tuman hokimligi huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktyabrdagi 665-son qarori talablari ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hududidagi 51 ta mahallaning ichki ko‘chalarida joriy ta’mirlash va asfaltlashtirish ishlari bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqilgan hamda Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashining 2025-yil 25-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan.
Mazkur dastur asosida ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1-bosqichda 18 ta MFY hududida ichki ko‘chalarda joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. 2-bosqichda esa 32 ta MFY hududida ichki ko‘chalarda asfaltlashtirish ishlari amalga oshirildi. 3-bosqich doirasida 29 ta MFY hududida asfaltlashtirish ishlarini bajarish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilgan.
Shu bilan birga, 2025-yilning noyabr-dekabr, 2026-yilning yanvar oyi davomida ob-havoning namgarchilik bilan kechayotgani hamda asfalt ishlab chiqarish korxonalarida gaz ta’minotidagi vaqtinchalik cheklanishlar sababli ayrim mahallalarda, jumladan, “Satkak” MFYdagi Satkak ko‘chasida olib borilayotgan asfaltlashtirish ishlari vaqtincha to‘xtab qolgan.
Aniqlanishicha, mazkur ko‘chalarda asfaltlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun tenderda g‘olib bo‘lgan korxonalarga shartnomalarda belgilangan tartibda mablag‘lar o‘tkazib berilgan. Biroq ob-havo va gaz ta’minoti bilan bog‘liq omillar tufayli asfalt yotqizish ishlari vaqtincha amalga oshirilmagan.
Mazkur holat ayrim fuqarolar o‘rtasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgan bo‘lsa-da, yo‘llarning sifatli va uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlanish maqsadida asfaltlashtirish ishlari me’yoriy, namgarchilikdan holi ob-havo sharoiti yuzaga kelgach, 2026-yil bahor oylariga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.
Bugungi kun holatiga kelib Fargʻona tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2026-yil 26-fevral kuni "Satkak" mahalla fuqarolar yigʻini, Satkak koʻchasining 400 metr qismi toʻliq asfaltlashtirildi.





