Farg‘ona tumani hokimi Xamidullo Inomovning 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami uchun tabrik so‘zi
2026-03-07 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, Aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Avvalo, siz, azizlarni, muborak Ramazon oyi bilan qolaversa 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Biz bu qutlug‘ bayramni doimo orziqib, katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu shukuhli ayyom yurtimizga yosharish va yangilanish faslini — bahorni boshlab keladi. Bu bayram dilimizdagi siz, azizlarga bo‘lgan samimiy hurmat va ehtiromimizni, mehr-u muhabbatimizni yana bir bor ifoda etishga imkon beradi.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Muqaddas ona, ayol zoti – chinakam mehr bulog‘i, mehr quyoshi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Shu quyosh bor ekan, mehr-oqibat, ezgulik va adolat, vafo va sadoqat kabi buyuk qadriyatlar necha asrlardan buyon yashab kelmoqda.
Shu bois bugungi quvonchli ayyomda avvalo dunyoda “fidoyi” degan so‘zga eng munosib bo‘lgan Ona siymosi oldida ta’zim qilamiz. Hayotimiz quvonchi, xonadonlarimiz ko‘rki bo‘lmish aziz ayollarimiz sha’niga eng go‘zal tilaklarimizni izhor etamiz. Hayotimizga mazmun bag‘ishlaydigan, bizni hamisha odamiylik, oliyjanoblik sari chorlaydigan, sadoqat sohibasi bo‘lmish siz munis ayollarning mehr-muhabbatingiz va zahmatingizni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Xabaringiz bor bugungi kunda davlatimizda olib borilayotgan islohotlarda ayollarning o‘rni beqiyosdir. Muxtaram Prezidentimiz tomonidan Taraqqiyot strategiyasi doirasida ya’ni O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni imzolanib, gender tenglikni ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayollarga berilayotgan imkoniyatlar shart-sharoitlar albatta har birimizni quvontiradi. Ushbu islohotlar tumanimizda ham izchil olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda turli darajadagi davlat va jamoat tizimida tumanimizning bir qator ayollari faoliyat olib bormoqdalar. Xalq duputatlari Farg‘ona tuman Kyengashi tarkibida ayol deputatlarimiz soni sezilarli darajada ortdi va bugungi kunda 7 nafarini ayollar tashkil etmoqda. So‘ngi yillarda 5 nafar xotin-qizlarimiz “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek “Shuhrat” medali bilan “Art-Sadosh” MCHJ rahbari Mirzayeva Sadoqat Alisherovna, maorif yo‘nalishida “Ta’lim fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan Qurbonova Gulbahor Azizovna, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan Zokirjonova Sayyora Akbaraliyevna va Nabiyeva Marhabo Ergashevalar taqdirlandilar.
Tumanimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda o‘tgan yil mobaynida “Ayollar daftari” ga 6077 nafar xotin-qizlar ro‘yxatga olinib bundan 5424 nafarining bandligi ta’minlandi. 206 nafardan ortiq opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka o‘qitildi. 232 nafar ayollarimizga tikuv mashinasi, 490 nafar ayollarga pishiriq pechlari hamda, 48 nafariga averolo mashinasi, 26 nafariga asal ari kutisi olib berilib bandligi ta’minlandi. "Ayollar daftari" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 2 mlr 527 mln 340 ming so‘m mablag‘ sariflandi. Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarini bu yil xam izchil davom ettiramiz. Mana shunday ezgu ishlarimiz orqali qancha xonadonlarga quvonch va shodlik kirgani, qancha-qancha odamlarning hayot darajasi va sifati tubdan o‘zgargani, minglab ayollarimizning ruhi ko‘tarilib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlangani biz uchun eng muhim natijadir.
Aziz opa-singillar!
So‘zimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar! Nega deganda, ayollarimizning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir. Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman. Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin!
Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin!
E’tiborlaringiz uchun rahmat.
