Fargʻona tumanida deputatlik nazorati tadbiri o‘tkazildi
2026-02-14 09:05:00 / Yangiliklar

Fargʻona tumani "Ulug‘bek" MFY hududida tuman Kengashi deputatlari Shuxratjon Rahimov, Ozodaxon Dadajonova va Qaxramon Makarovlar tomonidan navbatdagi deputatlik nazorati tadbiri tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi aholi manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga joyida yechim topish hamda hududda qonun ustuvorligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Nazorat doirasida mahallada faoliyat yuritayotgan savdo do‘konlarida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati atroflicha o‘rganildi. Xususan, mahsulot assortimenti, yaroqlilik muddatlari, narx-navolar asosliligi, sanitariya-gigiena talablariga rioya etilishi hamda iste’molchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar tahlil qilindi. Tadbirkor bilan ochiq va konstruktiv muloqot o‘tkazilib, xizmat sifatini oshirish hamda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Kengashning 2025-yil 25-avgustdagi VII-11-82-11-163-K/25-sonli qarori ijrosi doirasida mahalla aholisini qiynab kelayotgan ichimlik suvi muammosi ham joyida o‘rganildi. Fuqarolar murojaatlari asosida olib borilayotgan yangi suv tarmog‘ini tortish ishlari, sifati va muddatlari tanqidiy tahlil qilindi.
O‘rganishlar natijasida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ishlarni tezlashtirish va sifatli amalga oshirish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgilandi.



