Agrar yo‘nalishdagi masalalar muhokama qilindi
2026-02-12 20:05:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashi kotibiyati tashabbusi bilan Kengash huzuridagi “Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha” doimiy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni komissiya raisi Muyassar Tojiboeva olib bordi.
Yig‘ilish davomida agrar sohani rivojlantirish, qabul qilingan qarorlar ijrosi, shuningdek, davlat dasturlari doirasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Sohada mavjud muammolar, ularni bartaraf etish choralariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar jarayonida ayrim mas’ul rahbarlarning yig‘ilishda ishtirok etmaganligi hamda belgilangan hisobotlarning o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi keskin tanqid qilindi. Xususan, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi, o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi hamda Fermerlar kengashi mas’ullarining mas’uliyatsiz munosabati komissiya a’zolari tomonidan jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat boshqarmalariga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha so‘rov kiritish taklifi ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunida komissiya faoliyatida intizom, shaxsiy mas’uliyat va ijro samaradorligini ta’minlash ustuvor vazifa ekani alohida ta’kidlandi hamda tegishli tavsiyalar berildi.






