Xitoylik investorlar bilan agroturizm va gulchilik loyihasi yuzasidan hududiy uchrashuv o‘tkazildi
2026-02-10 18:05:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Abduraximov boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan investorlar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan agroturizm va gulchilik loyihasi bo‘yicha hududiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida loyiha boshlanishidan oldin hal etilishi lozim bo‘lgan barcha muhim masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, loyihaning joylashuv hududi, mavjud muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma holati, shuningdek, ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalar joyida muhokama qilinib, tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishuvga erishildi.
Muhokamalar natijasida loyihaning amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar, talab va mezonlar aniq belgilab olindi. Shuningdek, tayyorgarlik bosqichida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi hamda loyiha ishlarini amaliy jihatdan boshlab yuborish uchun huquqiy va tashkiliy imkoniyatlar yaratildi.
Mazkur agroturizm va gulchilik loyihasining amalga oshirilishi hududda yangi agroturizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, mahalliy iqtisodiyotni jonlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi bandligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, loyiha ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish standartlariga to‘liq rioya etilgan holda amalga oshirilishi alohida ta’kidlandi.



