Hududlarni obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar jadallashmoqda
2026-02-07 12:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Fargʻona tumani “Satkak” mahalla fuqarolar yigʻinida hududni obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan katta hashar tadbirlari boshlandi. Ushbu jarayon Fargʻona tumani hokimi Xamidullo Inomov boshchiligida tashkil etilib, unda viloyatdan biriktirilgan vakillar, tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda mahalla faollari faol ishtirok etdi.
Hashar tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida mahallani obodonlashtirish, mavjud infratuzilmani yaxshilash va muammoli masalalarni bosqichma-bosqich hal etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Hashar davomida mahalla hududlari, ichki ko‘chalar va qabristonlarda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Shuningdek, infratuzilmani yanada yaxshilashga qaratilgan qator yangi loyihalarni amalga oshirishga start berildi.
Bundan tashqari, “Yangi Fargʻona” gazetasining 2026-yil 7-fevral kungi 9-sonida chop etilgan “Tozalik va pokizalik yo‘q joyda halovat, fayz, baraka bo‘lmaydi” sarlavhali tanqidiy maqola yuzasidan tuman hokimligi tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari tashkil etildi. O‘rganish jarayonida, ayniqsa, yozning issiq kunlarida “Toza hudud” korxonasi tomonidan chiqindilarni olib ketish qatnovini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sanitariya holatini yaxshilash hamda aholiga qulay sharoitlar yaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.






