OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaat yuzasidan Farg‘ona tumani hokimligining rasmiy munosabati
2026-02-03 18:00:00 / Rasmiy munosabatlar

OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan Farg‘ona tumani “Barqaror hamjahatlik” mahallasidagi 21-sonli umumta’lim maktabi oldidan o‘tgan avtomobil yo‘lida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida svetofor o‘rnatilmagani yuzasidan mas’ullardan holatga e’tibor qaratish so‘ralgan video murojaat Farg‘ona tumani hokimligi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganildi.
Mazkur murojaatni o‘rganish maqsadida Farg‘ona tumani hokimligi tomonidan Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi, tuman IIB Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi hamda 21-sonli umumta’lim maktabi ma’muriyati mas’ullaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, Farg‘ona tumani “Barqaror hamjahatlik” mahallasidagi 21-sonli umumta’lim maktabi 40V016 avtomobil yo‘lining 10–11-kilometrlari oralig‘ida joylashgan bo‘lib, ushbu hudud 40V016a 2-darajali avtomobil yo‘li bilan kesishma hosil qiladi. Mazkur chorrahada 40V016 avtomobil yo‘li asosiy yo‘l hisoblanib, yon ko‘chaga qayriladi.
Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida chorrahada yo‘l harakati qoidalariga muvofiq 7.13 “Asosiy yo‘lning yo‘nalishi” yo‘l belgisi, asosiy yo‘lga tutash 2-darajali ko‘chalarga esa 2.4 “Yo‘l bering” va 2.5 “To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlangan” yo‘l belgilari o‘rnatilganligi aniqlandi. Ushbu belgilar haydovchilarga chorrahadan o‘tishda asosiy yo‘lda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berish majburiyatini belgilaydi.
Shuningdek, mazkur avtomobil yo‘li ikki tasmali bo‘lib, qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalari oqimini ajratish uchun 1.5 turdagi yotiq chiziqlar mavjud.
O‘rganish davomida tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi mas’ullari tomonidan ushbu kesishmaga avtotransport vositalari uchun svetofor o‘rnatilishi mavjud yo‘l holatidan kelib chiqib harakat ishtirokchilariga noqulaylik tug‘dirishi, tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkinligi tushuntirildi.
Shu bilan birga, piyodalar harakati xavfsizligini yanada chuqur tahlil qilish maqsadida mas’ul xodim biriktirilib, 1 sutka davomida ushbu kesishma hududidagi piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan fuqarolar soni hisobga olinishi, mazkur ma’lumotlar viloyat Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasiga taqdim etilishi belgilandi. Viloyat boshqarmasining yakuniy xulosasiga asosan piyodalar harakati uchun kichik svetoforlar o‘rnatish yoki o‘rnatmaslik masalasi bo‘yicha belgilangan tartibda qaror qabul qilinadi.
Mazkur masala bo‘yicha yakuniy xulosa va qabul qilinadigan qarorlar haqida Farg‘ona tumani hokimligi Axborot xizmati tomonidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.






