Farg‘ona tumanida sayyor qabullar: fuqarolarning mulk huquqlariga oid murojaatlari joyida hal etilmoqda
2026-02-04 19:05:00 / Yangiliklar

Farg‘ona tuman adliya bo‘limi tomonidan hududdagi mahallalarda fuqarolar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, ularning huquqiy muammolarini joyida hal etish maqsadida sayyor qabullar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, tumanning “Yuksalish” MFY hududida “Mulk huquqlari kafolatlari” aksiyasi doirasida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Qabul jarayonida fuqarolarning mulkka oid muammolari va murojaatlari tinglanib, har bir masala yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sayyor qabul davomida jami 50 nafar fuqaroning murojaatlari ko‘rib chiqildi hamda ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–937-sonli Qonuni ijrosi doirasida tegishli fuqarolarga to‘lov xabarnomalari rasmiylashtirilib, yetkazib berildi. Shuningdek, mulk huquqi e’tirof etilgan fuqarolarga ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, qabul davomida fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti PQ–1-sonli qarorining mazmun-mohiyati yuzasidan ham tushuntirish ishlari olib borildi. Shu bilan birga, jamiyatda dolzarb bo‘lgan masalalardan biri — giyohvandlik jinoyatlarining oldini olish, uning salbiy oqibatlari va javobgarlik masalalari haqida ham fuqarolarga huquqiy targ‘ibot o‘tkazildi.


