OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaat yuzasidan Farg‘ona tumani hokimligining rasmiy munosabati
2026-01-30 18:00:00 / Rasmiy munosabatlar

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Farg‘onaliklar yozda ishlagan haqini qishda ham ololmayapti” mazmunidagi fuqarolarning video murojaati yuzasidan Farg‘ona tumani hokimligi tomonidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur murojaat Farg‘ona tumani hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi Davlat mehnat huquq inspektori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona tumani Xalq qabulxonasi mutaxassisi ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi 2020-yil 20-oktabrdagi O‘RQ–642-sonli Qonuni talablariga muvofiq o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, fuqarolar bilan “Fergana-Oseana” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida yoz oylarida dala maydonlarini yovvoyi o‘tlardan tozalash ishlari bo‘yicha og‘zaki kelishuv asosida mehnat munosabatlari shakllangan. Ushbu ishlar hududdagi agronomlar boshchiligida amalga oshirilgan bo‘lib, mavsum yakunlanganidan so‘ng ish beruvchi tomonidan fuqarolarga ish haqi to‘liq to‘lab berilmagan va hisob-kitob qilinmagan holatlar aniqlangan.
Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, tuman (shahar) hokimliklari mehnat yoki tijorat nizolari bo‘yicha bevosita sud qarori chiqarish yoki majburlov choralarini qo‘llash vakolatiga ega emas. Hokimliklarning asosiy vazifalari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash hamda fuqarolarning murojaatlarini qonun doirasida ko‘rib chiqishdan iboratdir. Fuqarolar va tadbirkorlar o‘rtasida yuzaga keladigan shartnomaviy va mehnat nizolari qonunchilikka muvofiq sud organlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sudlar mustaqil organ hisoblanadi va hokimiyat ushbu jarayonlarga aralashmaydi.
O‘rganish davomida fuqarolarning qolib ketgan ish haqlari “Fergana-Oseana” MCHJning amaldagi direktori Abdurazzoq Mamanabiyev tomonidan murojaatda ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lab berilmaganligi inobatga olinib, Farg‘ona tumani prokuraturasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi Davlat mehnat huquq inspektori tomonidan ushbu mablag‘larni ish beruvchidan undirish choralarini ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 181–182-moddalari va Mehnat kodeksining 253-moddasiga asosan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritish uchun zarur hujjatlar shakllantirilmoqda.
Shuningdek, Farg‘ona tumani hokimligi tomonidan nizoli tomonlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, tushuntirish ishlari olib borilishi, qonunchilik va adliya organlari bilan hamkorlikda mediatsiya mexanizmlarini qo‘llash imkoniyatlari targ‘ib qilinishi rejalashtirilgan. Agar fuqarolar yoki tadbirkorlar davlat xizmatlari faoliyatidan norozi bo‘lsa, hokimlik tomonidan boshqa vakolatli organlarga murojaat qilish bo‘yicha huquqiy yo‘l-yo‘riqlar va amaliy yordamlar ko‘rsatiladi.
Farg‘ona tumani hokimligi mazkur masala qonun doirasida, adolat va shaffoflik tamoyillari asosida yakuniy yechim topishi uchun vakolatli organlar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi.



