Farg‘ona tumanida “Ijtimoiy profilaktika haftaligi” doirasida ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-01-29 19:25:00 / Ochiq muloqotlar

Farg‘ona tumani hokimligida “Ijtimoiy profilaktika haftaligi” doirasida tuman hokimi Xamidullo Inomov va tuman prokurori Oybek Toshpo‘latovlar boshchiligida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda tumandagi huquq-tartibot idoralari rahbar va o‘rinbosarlari, mas’ul xodimlar, mahalla profilaktika inspektorlari hamda korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda haftalik doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlili va rejalashtirilgan vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 sonli qarori hamda joriy yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosi, jumladan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
Tuman hokimi joriy etilgan yangi tizimning mazmun-mohiyati, uning Farg‘ona tumanida samarali tatbiq etilishi masalalariga alohida to‘xtaldi. Muloqot davomida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish bo‘yicha erishilgan ijobiy natijalar qayd etildi, ammo ayrim hududlarda yuqori jinoyatchilik ko‘rsatkichlari hamda mahallalarda tashkilot ishida kamchiliklar borligi tanqid qilindi. Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, tumanning chegara hududida joylashganligi hisobga olinib, jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Tuman prokurori barcha mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish va huquq-tartibotni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Ochiq muloqot yakunida kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha kelishuvga erishildi.









