“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-01-29 16:05:00 / Ochiq muloqotlar

Xalq deputatlari Farg‘ona tumani Kengashi deputatlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman Kengashi deputatlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jamoatchilik faollari qatnashdi.
Ochiq muloqotda Farg‘ona tumani hokimi Xamidullo Inomov, tuman Kengashi raisi Baxodir Axmadjonov hamda tuman Kengashi deputati Ozodaxon Dadajonova tomonidan Prezidentimiz Murojaatnomasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, asosiy yo‘nalishlari hamda ularning amaliy ahamiyati atroflicha yoritib berildi.
So‘zga chiqqanlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib, xalq farovonligini oshirish, inson qadrini ulug‘lash va kelajak avlod manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan muhim dastur ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, strategiyaning joylarda izchil ijrosini ta’minlash, uning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish hamda fuqarolarni islohotlar jarayoniga faol jalb etish zarurligi qayd etildi.
Ochiq muloqot yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar va amaliy rejalar ishlab chiqishga kelishib olindi.



