Farg‘ona tumani yoshlari yetakchisi “Oramizdagi qahramonlar” mukofoti bilan taqdirlandi
2025-12-05 10:25:00 / Yangiliklar

Fuqarolik jamiyati haftaligining uchinchi kuni doirasida “Yuksalish” harakati tomonidan “Oramizdagi qahramonlar” loyihasining taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Ushbu loyiha jamiyatda ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyat olib borayotgan, boshqalarga o‘rnak bo‘la oladigan insonlarni e’tirof etish va ularni keng jamoatchilikka tanitish maqsadida amalga oshiriladi.
Marosimda jami 29 nafar qahramon taqdirlanib, ular orasida rassom Inkuzart, ekolog Feruzbek Sayfullayev, futbol bo‘yicha o‘smirlar terma jamoasi murabbiyi Islombek Ismoilov kabi taniqli shaxslar ham bor.
E’tirof etilganlar safida Farg‘ona tumani “Obod” mahallasining yoshlar yetakchisi Islomjon Muhammadjonov ham bo‘lib, u hudud yoshlari uchun namunali faoliyati va fidoyiligi tufayli “Oramizdagi qahramonlar” mukofotiga loyiq deb topildi.
Farg‘ona tumani hokimligi, Xalq deputatlari tuman kengashi va keng jamoatchilik nomidan Islomjon Muhammadjonovni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy tabriklaymiz.
