Tomorqa – har bir xonadon uchun baraka manbai.
2025-05-02 10:30:00 / Yangiliklar

Ellikqal’a tumanidagi mahallalarda davlatimiz rahbari tomonidan joriy qilingan yangi tizim asosida tomorqa va aholi tomonidan ijaraga olingan yerlardan samarali foydalanish, shu orqali oilalar daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Paxtachi ovulidagi namunali tomorqachilar xonodonlarida tashkil etilgan seminarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Nurullan Yerlepesov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Quanishbay Azerbayev, tuman hokimi birinchi o‘rinbosari B.Alimov, tegishli tashkilotlar rahbarlari hamda hududdagi “Mahalla yettiliklari” mas’ullari ishtirok etdilar.
Seminarda so‘zga chiqqan mas’ullar har bir mahallani kambag‘allikdan holi hududga aylantirish, bandlikni ta’minlashda tomorqalardan samarali foydalanishini tashkil etish eng asosiy omil ekanligini, bunda mahallalar mas’ullari o‘zaro hamkorlikdagi ishlarni tashkil etishlari, har bir hududda namunali tomorqachilar bilan tajriba almashish maqsadida seminarlar tashkil etish, hududlarga namunali tomorqachilarni biriktirish lozimligi xususida so‘z yuritdilar.
Seminar ishtirokchilari tomorqada tashkil etilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar hamda o‘zaro bilim va tajriba almashdilar.









