G‘O‘ZAPOYADAN BIOCHAR QILIB, DAROMAD OLING VA DALANGIZNI TOZALAB, HOSILDORLIKNI OSHIRING! Qoraqalpog‘iston fermerlari kengashining MUROJAATI
2026-11-12 10:05:00 / Yangiliklar

Hurmatli fermerlar, dehqonlar va qishloq xo‘jaligi fidoyilari!
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida faqat hosil yetishtirishning o‘zi yetarli emas. Yerning unumdorligini oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hamda har bir imkoniyatdan qo‘shimcha daromad olish davr talabiga aylanmoqda.
Fermer — faqat mahsulot yetishtiruvchi emas, balki yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy barqarorligi va qishloq taraqqiyotini ta’minlaydigan katta kuchdir. Paxta hosili yig‘ib olingandan keyin dalalarda qoladigan g‘o‘zapoyaga ham yangicha yondashishimiz kerak.
Shunday ekan, g‘o‘zapoya — bu chiqindi emas! U — qo‘shimcha daromad, unumdor tuproq va yangi ishlab chiqarish imkoniyatlaridir!
G‘o‘zapoyadan zamonaviy texnologiyalar asosida biochar ishlab chiqarish orqali, qo‘shimcha tadbirkorlik yo‘nalishini yarating, tuproqda organik uglerod zaxirasini ko‘paytiring, yerning suv va mineral o‘g‘itlarni saqlash xususiyatini yaxshilang, tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qilish hamda qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish mumkinligini unutmang.
Aziz fermer va dehqonlar!
Kuni kecha Prezidentimiz Sizlarni Yangi O‘zbekiston tarixida ilk bor 5 million tonnadan ziyod yuksak paxta xirmoni bunyod etib, yuksak g‘alabaga erishganingiz munosabati bilan samimiy qutlab, soha vakillariga kelgusida ham ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Davlatimiz rahbari yo‘llagan qutlovda paxtachilikdagi ushbu rekord ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritishda davlatimiz tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, dehqon va fermerlar, klasterlar, umuman, dalada ishlayotgan har bir insonning o‘z mehnatidan manfaatdorligi, ertangi kunga ishonchi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi bejiz ta’kidlab o‘tilmadi.
Shuningdek, kelgusi yilda serhosil urug‘lik navlaridan foydalanish, agrodron orqali ishlov berish, suv va energiya tejovchi texnologiyalar, sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha Sizlarga yanada ko‘proq va qulay sharoitlar yaratib, paxtadan o‘rtacha hosildorlikni 65-70 sentnerga yetkazish maqsad qilib qo‘yildi.
Ana shunday dolzarb va hayotiy vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda fermerlarimiz soha mutaxassislari bilan birgalikda yanada katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishimizga ishonch bildirildi.
Qadrli dehqon va fermerlar!
Paxta hosili yig‘ib olinganidan so‘ng dala maydonlaridagi g‘o‘zapoyalardan biochar usulda uglerodga boy mineral o‘g‘it ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish barchamizning manfaatlarimizga xizmat qilishi tabiiy.
Biochar, bu o‘simlik va boshqa organik xomashyolarni (daraxt shoxlari, begona o‘t qoldiqlari, somon, g‘o‘zapoya, kungaboqar poyasi, go‘ng va boshqalar) kislorod juda kam bo‘lgan sharoitda yuqori haroratda qizdirish orqali olinadigan uglerodga boy mahsulotdir.
Biochar (pistako‘mir) — bu uglerodga boy bo‘lib, yog‘och, o‘simlik qoldiqlari, g‘o‘zapoyadan, chorva mollari go‘ngi, kanalizatsiya cho‘kindi loyi, maishiy va boshqa organik chiqindilarni kam kislorodli yoki kislorodsiz yopiq sharoitda (piroliz) qizdirishdan olinadigan mahsulot hisoblanadi.
Biochar tuproqqa qo‘llanganda:
-tuproqning organik moddalar va o‘simliklar uchun muhim bo‘lgan ozuqa elementlari miqdorini oshiradi, tuproq namligini ushlab turadi, mikroorganizmlar faolligini yaxshilaydi hamda ularning xilma-xilligini ko‘paytiradi;
-unumdorligi past, gumus va ozuqa elementlar bilan kam ta’minlangan tuproqlarda yaxshi natija beradi;
-biocharning g‘ovakdorligi tuproq strukturasini yaxshilaydi, bu esa suvni ushlab turish qobiliyatini va havo aylanishini yaxshilab, ekinlarning ildiz rivojlanishi va o‘sishi uchun qulay muhit yaratadi;
-o‘simliklar o‘zlashtira oladigan elementlarni to‘playdi va o‘g‘itlar qo‘llash miqdorini kamaytiradi;
- biochar tuproqdagi uglerod (C) zaxirasini ko‘paytirib, tuproqdan chiqadigan zaharli gaz chiqindilarini kamaytiradi, iqlim o‘zgarishini yumshatishga xizmat qiladi.
Qadrli dehqon va fermerlar!
Barchamiz guvohmiz, bugungi kunda xalqimizning turmush darajasi, turmush tarzi kundan kunga farovon bo‘lib bormoqda. Qishloq joylarda ham g‘o‘zapoyalar ilgarigidek ishlatilmayapti, asosan bu g‘o‘zapoya qayoqqa ketadi desangiz, yerga sochilyapti, maydalanib, o‘g‘it sifatida yerga qaytarilyapti. Lekin dunyo ahlini boshqa bir muammo qiynamoqda: ya’ni hozir yer sayyorasi yildan yilga isib ketyapti. Bunday ekologik xatarning kelib chiqishi sababi, karbonat angidrid gazining keskin ravishda ko‘payib ketayotgani dehqonchilik sohasiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘ta xavfli ekanini izohlash ortiqcha.
Endi tasavvur qiling, g‘o‘zapoyaga o‘xshagan qoldiqlar agar yerga sochib yuborilsa, uch baravar yutganiga nisbatan ko‘p karbonat angidrid ishlab chiqaradi havoga. Demak, ko‘ryapmizki, foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘p. Kuz faslida parchalangandan keyin esa uch baravar ko‘p karbonat angidrid chirindiga aylanib, tabiatga tarqalib ketadi.
Biroq shuni ochiq aytish kerakki, bundan xavotirlanishga asos yo‘q. Chunki shuning o‘zi o‘g‘it bo‘ladi, undan foydali gumus qoladi. Shuning uchun ham biz yangi dasturni O‘zbekistonda joriy qilyapmiz. Unga ko‘ra avvallari bir gektar yerga o‘rtacha 100 ming dona ko‘chat ekkan bo‘lsak, 7 tonna g‘o‘zapoya chiqardi. Hozir esa gektariga 240 mingta ko‘chat ekilayotganini hisoblaydigan bo‘lsak, 15 tonna kafolatlangan g‘o‘zapoya bor degani bu. Ko‘rayapsizki, dalada g‘o‘zapoyani maydalashni o‘rniga uni yig‘ib olib, bioko‘mirga aylantiradigan bo‘lsak, yuz yilda ham chirimaydi. Bu degani yutilgan karbonat angidridni bir asr yerga qamab qo‘ysa bo‘ladi. Buning afzal jihati, u yer havosini ko‘pchitib turadi. Havo almashinuvi o‘simliklar rivojlanishini yaxshilaydi. Bu esa qo‘shimcha daromad yaratadi bizlarga.
Hurmatli fermerlar!
Biochar tayyorlash uchun quyidagi bosqichlarni amalga oshiring!
Birinchidan, dalangizning chetiga diametri 2,0 m va chuqurligi 1,5 m bo‘lgan dumaloq konus shaklida chuqur qazing;
Ikkinchidan, chuqurlikning tashqi aylanasiga yaqin joy olov tutasha oladigan har qanday organik moddadan xoli bo‘lishi kerak. Olov tarqalishining oldini olish uchun chuqurning tashqi chetini toshlar bilan qoplash tavsiya etiladi;
Uchinchidan, paxta, makkajo‘xori, kungaboqar yoki shunga o‘xshash ekinlardan yo‘g‘onligi 1,0 sm – 2,0 sm atrofida bo‘lgan 500 kg quruq poyalarni yig‘ib, ustma-ust qilib qo‘ying;
To‘rtinchidan, poya to‘plamasini tasodifan yonib ketmasligi uchun uni chuqurdan taxminan 2,0 metr uzoqlikka joylashtiring;
Beshinchidan, tayoqchalarni tayyorlashda quyidagilarga e’tibor bering:
-bir nechta poyani sindirib, har biri taxminan 30 sm uzunlikda bo‘lgan 30–40 ta tayoqcha qilib oling.
-qolgan poyalarni 50–60 sm uzunlikdagi o‘rtacha hajmdagi tayoqchalar qilib sindiring.
Oltinchidan, o‘t yoqishga tayyorlash uchun quyidagilarga e’tibor bering:
-chuqurning tagiga kichik tayoqchalarni 7–8 qavat qilib, ayqash-uyqash tarzda tering va balandligi taxminan 20–30 sm bo‘lgan to‘rtburchak shakliga keltiring.
-tepa qismi ostiga quruq po‘stloq, qog‘oz, makkajo‘xorining quruq barglari yoki istalgan quruq organik material qo‘shing.
Yettinchidan, yoqishni amalga oshiring:
-tutunni minimallashtirish uchun quruq materialni yuqoridan yoqing hamda tutunni ko‘proq hosil qiladigan pastki qismdan yoqish usulidan voz keching hamda eng yuqoridagi tayoqchalar qizil rangga kirib, tashqi po‘stlog‘i kulrang kulga aylangunicha yonish jarayonini davom ettiring.
Sakkizinchidan, qatlam qo‘shishni tashkil etish uchun quyidagi ishlarni bajaring:
-xas-cho‘plarni asta-sekin chuqurga solib, mo‘ridagi olovni taxminan 10–15 sm qalinlikdagi yangi (birinchi) qatlam bilan to‘liq qoplang.
-yong‘inning barqaror va bir tekis yonib borishini ta’minlash uchun hali yonmagan xas-cho‘plarni tashqi chetlardan markazga qarab siljiting.
-birinchi qatlam to‘liq yongunicha kuting: uning eng yuqoridagi xas-cho‘plari qizil tusga kirib, tashqi po‘stlog‘i kulrang kulga aylanishi kerak. Shundan so‘ng jarayonni takrorlang: har gal taxminan 10–15 sm qalinlikda yangi qatlam qo‘shib, uning ham to‘liq yonishini kuting. Ya’ni, har bir qatlamda eng yuqoridagi xas-cho‘plar qizarib, tashqi po‘stloqlari kulrang kulga aylangandan so‘nggina keyingi qatlamni qo‘shish lozim.
To‘qqizinchidan, yakuniy bosqichni amalga oshiring:
-chuqur to‘lguncha qatlamlarni qo‘shishda davom eting.
-yonmay qolgan xas-cho‘plarni markaz tomon suring. Eng yuqoridagi xas-cho‘plar qizil tusga kirib, tashqi po‘stloqlari kulrangga aylanganida olovni to‘liq o‘chirib, xas-cho‘plarni biocharga aylantirish uchun 50–100 litr suv quying.
-suv mavjud bo‘lmagan hollarda olovni tuproq bilan ham o‘chirish mumkinligini unutmang.
-bironta qatlam hali ham yonmayotganiga to‘liq ishonch hosil qilganingizdan so‘ng, 10–15 daqiqada biocharni yig‘ib oling.
Aziz fermer va dehqonlar!
O‘zbekiston fermerlari kengashining Murojaatnomasidagi muhim vazifalarni amalga oshirishga hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan biochar, jivamrit, bokashidan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy qo‘llanmadan foydalanib, ishlarni tashkil etishga sizlarni chorlaymiz!
Qoraqalpog‘iston fermerlari kengashi
