Gender tengligi
2026-09-03 09:45:00 / Yangiliklar

Gender tengligi
2019-yil 2-sentabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-562-sonli Qonun qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan ilk marotaba milliy qonunchiligimizda “gender” tushunchasiga ta’rif berildi. Ya’ni, gender tenglik — bu xotin-qizlar hamda erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shuningdek, siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy ko‘rinishidir.
Jamiyatda xotin-qizlar hamda erkaklarning o‘z o‘rnini topishi va belgilashi uchun davlat tomonidan ularga teng imkoniyatlar yaratib berilishi gender tenglikni ta’minlashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deb belgilangan.
Gender tengligining asosiy maqsadi — xotin-qizlar hamda erkaklarning jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq va imkoniyatlarini ta’minlash, jinsiga ko‘ra kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularning o‘z huquq va imkoniyatlarini erkin amalga oshirishi uchun teng sharoit yaratishdan iborat.
Nukus tumanlararo ma’muriy sudining
devonxona mudiri
M. Baubekova
