Zamonaviy kapital bozori: iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili
2026-06-29 16:45:00 / Yangiliklar

Zamonaviy kapital bozori: iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili
Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida kapital bozorini yanada rivojlantirishga qaratilgan taqdimotda belgilangan ustuvor vazifalar mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
So‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda investorlar uchun ochiq va ishonchli muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining ilk bor London va Toshkent fond birjalarida muvaffaqiyatli joylashtirilgani ham mamlakatimizga bo‘lgan xalqaro ishonch va qiziqish tobora ortib borayotganining yaqqol isbotidir.
Yangi tahrirda ishlab chiqilgan "Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasi sohani xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish, moliyaviy bozor infratuzilmasini mustahkamlash va zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.
Ayniqsa, mamlakatimizda ilk bor islom moliyasi vositalari, jumladan, sukuk qimmatli qog‘ozlarini chiqarish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratilayotgani moliya bozorini diversifikatsiya qilish, yangi investitsiya manbalarini jalb etish va xorijiy investorlar uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Kapital bozorining rivojlanishi nafaqat yirik korxonalar uchun, balki xususiy sektor, tadbirkorlar va aholi uchun ham yangi moliyaviy imkoniyatlarni yaratadi. Bu esa iqtisodiyotga uzoq muddatli investitsiyalar jalb qilish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan bozor infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, regulyator faoliyatini zamonaviy talablarga moslashtirish, kadrlar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar mamlakatimiz moliya tizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shubhasiz, mazkur tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning ochiq, raqobatbardosh va investitsiyalar uchun jozibador iqtisodiyotini shakllantirish, xususiy mulk ustuvorligini mustahkamlash hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida tarixda munosib o‘rin egallaydi. Bu islohotlar yurtimizning xalqaro moliya bozorlaridagi nufuzini yanada oshirib, iqtisodiy taraqqiyotning yangi imkoniyatlarini ochishiga ishonch komil.
Shodiyar XODJIEV,
2-"A.Navoiy" saylov okrugidan Xalq deputatlari
Ellikqal’a tuman Kengashi deputati,
O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari
