ELLIKQAL’A TUMANI ICHKI ISHLAR BO‘LIMI BOSHLIG‘INING AHOLIGA MUROJAATI
2026-06-07 11:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

ELLIKQAL’A TUMANI ICHKI ISHLAR BO‘LIMI BOSHLIG‘INING AHOLIGA MUROJAATI
Hurmatli Ellikqal’aliklar!
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Internet va zamonaviy aloqa vositalari ko‘plab qulayliklar yaratishi bilan birga, kiberjinoyatchilik xavfini ham kuchaytirmoqda.
Afsuski, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tumanimizda kiberjinoyatlar bilan bog‘liq 111 ta murojaat qayd etilib, fuqarolarga 633 million so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat holatlarda fuqarolar o‘zining ishonuvchanligi va e’tiborsizligi sababli firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmoqda.
Bugun firibgarlar uyma-uy yurmaydi. Ular telefon orqali qo‘ng‘iroq qiladi, ijtimoiy tarmoqlar orqali yozadi yoki internetda turli jozibador takliflar bilan chiqadi. O‘zini bank xodimi, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili yoki boshqa tashkilot mas’uli sifatida tanishtirib, fuqarolarning bank kartasi ma’lumotlari, SMS-kodlari va shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinadi.
Shuni unutmang: hech bir bank yoki davlat tashkiloti telefon orqali sizdan maxfiy ma’lumotlarni talab qilmaydi.
Shuningdek, “tez va oson daromad”, “100 foiz kafolatlangan investitsiya”, “treyding orqali katta foyda” kabi va’dalar bilan chiqayotgan soxta platformalar ham ko‘plab fuqarolarning mablag‘larini o‘zlashtirmoqda. Oson boyish haqidagi har qanday taklifga tanqidiy yondashish lozim.
Internet orqali xaridlarni amalga oshirishda ham ehtiyotkor bo‘ling. Narxi haddan tashqari arzon bo‘lgan mahsulotlar, oldindan to‘liq to‘lov talab qilayotgan sahifalar hamda ishonchliligi tasdiqlanmagan onlayn do‘konlardan xarid qilish tavsiya etilmaydi.
Hurmatli fuqarolar!
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda eng samarali himoya vositasi — bu sizning hushyorligingiz va ogohligingizdir.
Shu munosabat bilan sizlardan:
✅ Telegram va boshqa messenjerlar orqali yuborilgan noma’lum APK fayllarni yuklab olmaslikni;
✅ Bank kartasi rekvizitlari, SMS-kodlar va parollarni hech kimga bermaslikni;
✅ Shubhali havola va ilovalarni ochmaslikni;
✅ Internetdagi moliyaviy takliflarni sinchiklab tekshirmasdan turib mablag‘ kiritmaslikni;
✅ Kiberfiribgarlik holatlariga duch kelganda zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishni so‘rayman.
Yodingizda bo‘lsin, hushyorlik va ehtiyotkorlik — mol-mulkingiz hamda mablag‘laringiz xavfsizligining eng ishonchli kafolatidir.
Barchangizga tinchlik-osoyishtalik, oilaviy farovonlik va mustahkam salomatlik tilayman.
Hurmat bilan, Beknazar Shaxanov
Ellikqal’a tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i.
