BARQAROR RIVOJLANISH YO‘LIDAGI TASHABBUSLAR
2026-04-23 15:45:00 / Yangiliklar

BARQAROR RIVOJLANISH YO‘LIDAGI TASHABBUSLAR
Yaqinda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammitda Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nutqini diqqat bilan tingladim va ushbu nutqda bildirilgan fikrlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Prezident nutqida Markaziy Osiyodagi ekologik vaziyatni xolis va obyektiv baholash, global isishning mintaqamizga ta’sirini aniq va ravshan ko‘rsatib berish muhim ahamiyatga ega ekanligi ochiq namoyon bo‘ldi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlagan holatlardagi muhim nuqtalardan biri shundan iboratki, ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishidan ajratib ko‘rib bo‘lmaydi va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ilg‘or texnologiyalar, moliyalashtirish va innovatsiyalarga teng kirish imkoniyati yaratilishi zarur. Bu fikr nafaqat ekologiya sohasida, balki umumiy barqaror rivojlanish va ijtimoiy farovonlikni ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega.
O‘zbekistonning “Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb bir milliard daraxt va buta ekilib, Orol dengizi qurib qolgan tubida 2 million gektardan ortiq yerda o‘rmonzorlar barpo etildi. Shuningdek, suvni tejash choralari va “yashil” energetika ulushi ham kengaydi. Bu choralar nafaqat ekologik samaradorlikni oshiradi, balki iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy barqarorlik va texnologik yangilanishga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, chiqindilardan energiya ishlab chiqarish va yangi zavodlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mintaqada ekologik samaradorlikni yanada kuchaytirishi, milliardlab kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqarish va millionlab tonna chiqindi utilizatsiya qilish imkonini beradi. Bu misollar Prezidentimiz tashabbuslarining amaliy samaradorligini ko‘rsatadi.
Mintaqaviy atlas yaratish, biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni tayyorlash va yoshlarni ekologik faoliyatga jalb etish orqali mintaqada ekologik madaniyatni rivojlantirish rejalashtirilgan. Prezident Butunjahon yoshlar iqlim forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini ham ilgari surdi.
Prezidentning mintaqaviy hamkorlik, yoshlar va jamiyatni ekologik faoliyatga jalb qilish hamda barqaror rivojlanish yo‘lidagi tashabbuslari nafaqat ilhomlantiruvchi, balki amaliy ahamiyatga ega.
Xajibay SATLIKOV, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Ellikqal’a tuman kengashi raisi
