“Uch avlod uchrashuvi” — hurmat, hamjihatlik va davomiylik timsoli
2026-04-19 17:50:00 / Yangiliklar

“Uch avlod uchrashuvi” — hurmat, hamjihatlik va davomiylik timsoli
Ellikqal’a tumanida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri turli avlod vakillarini — yoshlar, o‘rta va keksa avlodni bir davraga jamlab, ular o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik, hurmat va qadriyatlar davomiyligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Mazkur tadbir Ellikqal’a tumanidagi 18-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari, jumladan Axborot-tahlil guruhi va hududlar kesimida ishlash bo‘limi boshlig‘i M.Umarov, “Nuroniy” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi T.Abdijabbarov, tuman bo‘limi raisi F.Ibadullayev hamda tumanning hurmatli nuroniylari ishtirok etdi.
Tadbir davomida nuroniylar o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, mehnatsevarlik, sabr-matonat va Vatanga sadoqat kabi ezgu fazilatlar haqida yoshlar bilan samimiy suhbat qurib, ularga ibrat bo‘ladigan fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shuningdek, mahalla hayotida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh nuroniylarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Bunday uchrashuvlar avlodlar o‘rtasida mustahkam rishtalar o‘rnatib, yoshlarning ma’naviy kamolotida muhim o‘rin tutadi.



