OIV infeksiyasi – jamiyat salomatligi uchun muhim masala
2026-03-11 12:40:00 / Yangiliklar

OIV infeksiyasi – jamiyat salomatligi uchun muhim masala
Bugungi kunda dunyoda keng tarqalgan infeksion kasalliklardan biri OIV infeksiyasidir. OIV – inson immun tanqisligi virusi bo‘lib, u inson organizmiga kirib, immun tizimining faoliyatini izdan chiqaradi. Ushbu virus organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini asta-sekin zaiflashtiradi. Agar vaqtida aniqlanib davolanmasa, kasallik keyinchalik OITS bosqichiga o‘tishi mumkin.
OIV infeksiyasi asosan zararlangan biologik suyuqliklar orqali yuqadi. Eng ko‘p uchraydigan yuqish yo‘llari — himoyalanmagan jinsiy aloqa, zararlangan qon orqali, bir martalik bo‘lmagan shpritslardan foydalanish hamda onadan bolaga homiladorlik, tug‘ruq yoki emizish vaqtida yuqishidir. Shu sababli tibbiyot muassasalarida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish va faqat steril tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish muhim hisoblanadi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, OIV kundalik muloqot orqali yuqmaydi. Masalan, qo‘l berib ko‘rishish, quchoqlashish, bir idishdan ovqatlanish, bir joyda ishlash yoki o‘qish orqali virus yuqmaydi. Shu bois OIV bilan yashayotgan insonlarga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lish va ularni jamiyatdan ajratib qo‘ymaslik muhimdir.
Mutaxassislar OIV infeksiyasining oldini olish uchun aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, tasodifiy xavfli aloqalardan saqlanish hamda tibbiy ko‘riklardan muntazam o‘tib turishni tavsiya etadilar. Zarur hollarda OIV testini topshirish orqali kasallikni erta aniqlash ham mumkin.
Xulosa qilib aytganda, OIV infeksiyasi jiddiy kasallik bo‘lsa-da, to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lish, profilaktika choralariga amal qilish va tibbiy maslahatlarni bajarish orqali uning tarqalishini kamaytirish mumkin. Har bir inson o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashsa, jamiyatda ushbu kasallikning oldini olishga katta hissa qo‘shadi.
Ellikqal'a Tuman Tibbiyot Birlashmasi, tug'ruqxona bo'limi hamshirasi Zulfiya Kurbanova
