KORRUPSIYAGA QARSHI MUROSASIZ VA OCHIQ MUNOSABAT
2026-01-28 11:25:00 / Yangiliklar

KORRUPSIYAGA QARSHI MUROSASIZ VA OCHIQ MUNOSABAT
Assalomu alaykum, hurmatli tumanimiz aholisi va mehmonlari!
❇️Men, Iglikova Zulfiya Sultanovna, 2-son Respublikalik Ruhiy asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori sifatida, Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini inobatga olgan holda, o‘z pozitsiyamni ochiq bayon qilaman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, davlat organlarida halollik muhitini shakllantirish va aholi ishonchini mustahkamlash eng ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan. Ushbu vazifalar ijrosida men rahbar sifatida shaxsiy javobgarligimni to‘liq his etaman va jamoam bilan birgalikda namuna bo‘lib ishlash majburiyatini o‘z zimmamga olaman.
❗️Korrupsiya — jamiyat rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib, adolat tamoyillari, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga zid holat hisoblanadi. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi aholi salomatligiga, inson hayotiga va tibbiyot sohasiga bo‘lgan ishonchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, tibbiyot muassasalarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qat’iyan yo‘l qo‘yilmaydi.
❇️2-son Respublikalik Ruhiy asab kasalliklari dispanserida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash maqsadida quyidagi amaliy chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda:
1. Raqamli tizimlar orqali ochiqlikni ta’minlash
• ambulator va statsionar xizmatlar DMED axborot tizimi orqali rasmiylashtirilmoqda;
• elektron retsept tizimini joriy etish ishlari yakuniy bosqichda.
2. Tibbiy xizmatlardan foydalanishda adolat
• tibbiy sug‘urta tizimi asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan;
• davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar to‘liq ta’minlanmoqda.
3. Jamoatchilik va bemorlar nazorati
• korrupsiya bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha murojaat qilish uchun ishonch telefonlari doimiy ishlaydi;
• bemorlar va ularning yaqinlari o‘rtasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazib borilmoqda.
4. Xodimlar mas’uliyatini oshirish
• tibbiyot xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi profilaktik tushuntirish ishlari olib borilmoqda;
• huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutaxassislari ishtirokida ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Men rahbar sifatida quyidagilarni qat’iy ma’lum qilaman:
• korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lishni;
• xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikni;
• qonunbuzilish holatlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ta’minlayman;
• muassasada ochiqlik, halollik va adolat muhitini mustahkamlayman.
Har bir tibbiyot xodimi bilishi shart: korrupsiyaga qarshi kurash — bu faqat rahbar yoki nazorat organlarining vazifasi emas, balki har birimizning vijdoniy, kasbiy va fuqarolik burchimizdir. Bemor ishonchi — eng katta qadriyatdir.
✅Hurmatli fuqarolar!
Agar 2-son Respublikalik Ruhiy asab kasalliklari dispanserida korrupsiya yoki qonunbuzarlik holatlariga duch kelsangiz, iltimos, befarq bo‘lmang va quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qiling:
📞 2-son Respublikalik Ruhiy asab kasalliklari dispanseri ishonch raqami: 55-109-03-23
📞 Call-markaz: 1103
📞 2-son Respublikalik Ruhiy asab kasalliklari dispanseri boshlig‘i: 99- 456-67-78
Korrupsiyaga qarshi kurashda faqat birgalikda samaraga erishamiz!
