Korrupsiyani ildizi bilan yo‘qotishni ta’limdan boshlash zarur!
2025-03-12 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bir paytlar oliygohga o‘qishga kirish – orzudek edi. Aksariyat hollarda bilimi borlar emas, balki “tanish-bilishi” borlar abituriyentlikdan talabalikka qadam qo‘yardi. Oliy ta’limga kirishda 1-avgust “operatsiyalari" ham barchamizning esimizda. Kirish imtihonlarida yuqori ball olish “tizimi” shunchalar zo‘r yo‘lga qo‘yilgandiki, uni vaqti kelib yo‘qolishiga to‘g‘risi, hech kim ishonmasdi.
Biroq Davlat Rahbarining kuchli siyosiy irodasi bu “katta bozor”ni chilparchin qildi – oliy ta’limga kirish ushalmas orzu emas, bilimlar asosida baholanadigan haqiqiy imkoniyatga aylandi. Avvallari ko‘pchilik faqat pul va tanishlar orqali o‘qishga kira olish mumkin, deb o‘ylardi. Lekin so‘nggi yillarda qabul jarayoniga kiritilgan shaffoflik, adolatli baholash tizimi va korrupsiyaga qarshi kurashish choralari bu tasavvurni o‘zgartirishga xizmat qildi.
Hozirda test sinovlari maxsus kuzatuv kameralari ostida o‘tkaziladi, auditoriyalarga begona shaxslarning kirishi cheklangan, har bir abituriyentning natijalari avtomatik tarzda hisoblanadi. Eng muhimi, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratilib, bilimli yoshlar o‘z salohiyatini namoyon eta oladigan muhit shakllantirildi. Bugungi yoshlar o‘z bilim va mehnati bilan oliy ta’lim dargohlariga kirishlari mumkinligiga ishonayotgani – bu haqiqiy islohotlarning eng katta yutug‘i, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ta’lim sohasi raqamlashib, imtihonlar shaffoflashdi, adolat mezonlari ustuvorlik kasb etdi. Ortiq “tanish-bilishchilik” yoki “yo‘l topish” haqida o‘ylashning o‘ziga hojat qolmadi. O‘tgan yili joriy etilgan “avval test, keyin tanlov” tizimi esa ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Endi abituriyentlar oldin test topshirib, o‘z bilimlariga ko‘ra ball to‘playdi va keyin shu natijalar asosida o‘zlariga mos oliygohni tanlaydi. Bu tizim abituriyentlarga keng tanlov berish barobarida, adolatni yanada ta’minlashga xizmat qilmoqda. Yuqori ball to‘plagan har bir yosh teng imkoniyat asosida davlat grantiga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, kamroq ball olganlar to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olish yo‘lini tanlaydilar.
Albatta, ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga hali ham ehtiyoj bor. 5-mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida ham aynan shu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari islohotlar hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘yayotgan bugungi sharoitda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga baho berib, kelgusi ustuvor vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini ta’kidladi.
Korrupsiya – jamiyatning ichiga tushgan qurt misoli kelajakda meva berishi kerak bo‘lgan kurtaklarni quritadi. Endilikda davlatimiz bu illatni tamoman yo‘q qilishga azm-u qaror qildi. Endilikda farzandlarimizga ta’lim berish barobarida, korrupsiyaning eng mayda illatlaridan holi bo‘ilshlarini ta’minlashimiz kerak. Bu eng avvalo talaba va o‘quvchilarning imtihonlarda ko‘chirmkashliklarga befarq bo‘masliklari, bu illatga qarshi murosasiz bo‘lishlaridan boshlanadi.
Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, ta’limda korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqiy choralar, balki jamiyat ongini o‘zgartirish bilan ham bog‘liq. Imtihonlar aniq qoidalar asosida o‘tkazilib, talabalardan akademik halollik qat’iy talab qilinishi shart. Korrupsiyaga qarshi immunitetni yoshlarimizga singdirsak, halollik madaniyatini milliy madaniyatimizga aylantirsak, o‘quv jarayonlarida har qanday aldov yoki noqonuniy yo‘llarga murosasiz bo‘lishga tarbiyalasak jamiyatimizda adolat va shaffoflik ustuvor qadriyatga aylanadi.
Xorijiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Masalan, Singapur va Kanada kabi davlatlarda akademik halollikni targ‘ib qilish maktab va universitetlar darajasida keng joriy etilgan. Talabalarga adolatli raqobat muhiti yaratilib, bilimlarini xolis baholash tizimi takomillashtirilgan. Shu bilan birga, o‘quvchilar o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi tushunishi uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, Angliya va AQSHda talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlash uchun maxsus platformalar yaratilgan. Bu tizimlar orqali talabalar imtihon jarayonlarida yoki baholashdagi adolatsizlikni anonim tarzda xabar qilishi mumkin. Bunday yondashuvlar ta’lim tizimini hech qanday aralashuvsiz, haqiqiy bilimga asoslangan holda shakllantirishga yordam beradi.
Biz ham yoshlarimiz ongida korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirishimiz, bilim va salohiyat haqiqiy qadriyatga aylanishi uchun ta’lim tizimida islohotlarni izchil davom ettirishimiz lozim. Bu yo‘lda nafaqat davlat, balki ota-onalar, o‘qituvchilar va jamiyatning har bir a’zosi o‘z mas’uliyatini his qilishi juda muhim. Faqat shundagina korrupsiyadan xoli, adolat va shaffoflikka asoslangan ta’lim tizimini yaratishga erishishimiz mumkin.
Oliy ta’lim tizimida raqamlashtirish jarayonlari keng miqyosda amalga oshirilmoqda. Bu esa abituriyentlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun qulaylik yaratish bilan birga, ta’lim jarayonlarida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda uning tizimida 36 ta axborot tizimi ishlab chiqilgan. Bu tizimlar oliygoh, litsey, kasbiy va oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish imkonini berdi. Jumladan, my.edu.uz va my.uzbmb.uz axborot platformalari orqali abituriyentlar o‘z hujjatlarini onlayn topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi, bu esa vaqt va mablag‘ tejash, byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga olib keldi.
Shuningdek, ta’lim jarayonlarini samarali boshqarish maqsadida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS) joriy etildi. Bu tizim 35 turdagi statistik ma’lumotlarni raqamlashtirishga yordam berdi. Guruh jurnallari, o‘zlashtirish qaydnomalari, dars va imtihon jadvallari, diplom va akademik ma’lumotlar, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona platformada saqlanadi. Bundan tashqari, HEMIS takomillashtirilib, talabalar uchun davomat va imtihon natijalari bo‘yicha apellyatsiya berish mexanizmi joriy etildi.
Kasbiy (prof.edu.uz) va o‘rta maxsus ta’lim (emis.edu.uz) muassasalarida ham ma’muriy jarayonlar axborot tizimlari orqali boshqarilmoqda. Talabalarga elektron shartnomalar taqdim etish, onlayn to‘lovlar va monitoring yuritish uchun “EduBilling” axborot tizimi ishga tushirildi. Bu tizim orqali shartnomalar faqat elektron shaklda olinadi, tayyorlash vaqti 70 foizga qisqardi, byurokratik jarayonlar esa 90 foizga kamaydi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida bilimlarni nazorat qilish va baholash tizimi “Blind assessment” usulida yo‘lga qo‘yildi. Bu usul talabalarning bajarilgan ishlarini kodlash orqali baholash jarayonida shaffoflik va xolislikni ta’minlaydi. Diplom ma’lumotlarini yagona baza (diplom.edu.uz) orqali tekshirish imkoniyati yaratildi. 1991-2020-yillar davomida berilgan 1,5 milliondan ortiq diplomning 84 foizi raqamlashtirildi.
Talabalar va ularning ota-onalari uchun onlayn to‘lov tizimlari joriy etildi. Click, Payme va Zoomrad orqali kontrakt to‘lovlari, stipendiya ma’lumotlari va ijara shartnomalari to‘liq raqamlashtirildi. Yotoqxona o‘rinlarini shaffof va avtomatlashtirilgan tarzda taqsimlash, talabalarning joylashuvi bo‘yicha elektron kuzatuv tizimini joriy etish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, stipendiya tayinlash va to‘lash jarayonlari to‘liq raqamlashtirilib, inson omili aralashuvi yo‘q qilindi. Elektron shartnomalarni verifikatsiya qilish orqali byurokratik jarayonlar sezilarli darajada qisqardi. Yotoqxona bo‘sh o‘rinlari haqida talabalarni o‘z vaqtida xabardor qilish tizimi avtomatlashtirildi va yotoqxonalar shaffof-onlayn tarzda taqsimlanishi ta’minlandi. Talabalarning joylashuviga oid jarayonlar elektron kuzatuv orqali nazorat qilinishi yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim tizimidagi bu kabi raqamlashtirish ishlari korrupsiyani kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni yo‘q qilish va ta’lim jarayonlarini yanada shaffoflashtirishga xizmat qilmoqda. Elektron hujjat aylanmasi, onlayn monitoring va avtomatlashtirilgan baholash tizimi orqali talabalar uchun teng imkoniyatlar yaratilib, ta’lim tizimi xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlanmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida talabalar va o‘qituvchilar uchun qulayliklarni oshirish maqsadida “Registrator ofis”lar tashkil etildi. Bu innovatsion yondashuv “Yagona darcha” tamoyili asosida ishlab, 30 dan ortiq xizmat turlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. Endi talabalar o‘quv jarayoni bilan bog‘liq turli ma’muriy masalalarni bitta ofis orqali oson va tez hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Yangi tizimning asosiy maqsadi – byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va inson omilining aralashuvisiz xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishdan iborat. Shu sababli, kelgusida “Registrator ofis”lar orqali avtomatlashtirilgan xizmatlar soni bosqichma-bosqich ko‘paytirilishi rejalashtirilgan. Bu esa talabalarning vaqtini tejash, jarayonlarni shaffoflashtirish va ta’lim tizimini yanada samarali qilishga xizmat qiladi.
Raqamlashtirish jarayonlari jadal olib borilayotgan hozirgi davrda bu kabi tashabbuslar ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, talabalar uchun esa qulay muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Oliy ta’lim tizimida erishilgan natijalar bilan bir qatorda, kamchiliklar ham yo‘q emas. Ularni bartaraf etish uchun qator ishlarni amalga oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Shu maqsadda, ta’limda adolat, shaffoflik va teng imkoniyatlarni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha qator ishlarni qilishni rejalashtirganmiz.
Xususan, qo‘shimcha to‘lov asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning bilim darajasini muntazam tahlil qilish, imtihon natijalarini qat’iy nazoratga olish ularning ta’lim jarayoniga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Bunday yondashuv nafaqat bilim darajasini ko‘tarish, balki ta’limdagi xolislikni ta’minlashga ham yordam beradi. Shu bilan birga, oliygohlarda rahbar-xodimlarning rotatsiya qilinishi tizimda yangi fikr va yondashuvlarni shakllantirish, boshqaruv samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Professor-o‘qituvchilar lavozimlariga ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirish, tanlovlarning shaffof va ochiq o‘tishini ta’minlash har bir nomzodga teng imkoniyat yaratishga xizmat qiladi. Ilmiy salohiyatga ega mutaxassislarning munosib lavozimga ega bo‘lishi ta’lim tizimi rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi raqamlashtirilgan reyting tizimini joriy etish orqali qaysi oliygohda shaffoflik va adolat ustuvor ekani aniqlanadi. Bu esa barcha oliygohlarni tizimdagi islohotlarni yanada samarali olib borishga undaydi.
Kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlarini to‘liq ochiq va shaffof o‘tkazish, barcha fuqarolarga uni onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish muhim ahamiyatga ega. Bu talabalarga teng sharoit taqdim etish va har bir ishtirokchining bilimiga munosib baholanishini ta’minlash imkonini beradi. Shu bilan birga, oliygoh rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarning mavjud vakant lavozimlarga hujjat topshirish jarayonini raqamlashtirish adolatli tanlov tizimini shakllantirishga yordam beradi.
Talabalar va pedagog xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik munosabatini shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim. Bu yo‘nalishda muntazam ravishda tadbirlar tashkil etish, ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ta’lim tizimining umumiy madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuningdek, talabalarning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida fakultetlar kesimida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini o‘tkazishni joriy etish tizimdagi ishonchni mustahkamlaydi.
Oliy ta’lim tizimi jamiyatning tayanchi va taraqqiyotning muhim bo‘g‘inidir. Agar ushbu tizimda adolat va shaffoflik ta’minlansa, ilm-fan va ta’lim yanada rivojlanadi, mamlakat taraqqiyotiga asos bo‘ladi. Korrupsiyadan xoli, halollik tamoyillariga asoslangan ta’lim tizimi esa kuchli davlat, kuchli iqtisodiyot va kuchli jamiyatni shakllantirishda asosiy omillardan biri bo‘lib qoladi. Bugun qabul qilinayotgan qarorlar va amalga oshirilayotgan tashabbuslar esa kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri