Vazirning yoshlar bilan muloqoti: Yoshlar bandligini ta’minlash – ustuvor vazifa
2025-02-20 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida vazir yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatining muhim yo‘nalishlariga to‘xtaldi. Jumladan, Prezidentimizning 14-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi, bu maqsadda Milliy bank orqali 100 million dollar yo‘naltirilishi, yoshlarning startap va biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun bank xizmatlari joriy etilishi haqida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Aloqabank yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi tayanch bankka aylantirilishi belgilanganini qayd etdi.
Uchrashuv davomida vazir talabalarning ishga joylashish, innovatsion loyihalari va ilg‘or texnologiyalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish borasidagi takliflarini tingladi. Shu jumladan, talabalar tomonidan ilgari surilgan Mikro GESlarni o‘rnatishda milliy brend yaratish va shu orqali 10 ga yaqin talabani ish bilan ta’minlash taklifi vazir tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha tegishli bank vakillariga topshiriqlar berildi.
Uchrashuvdan so‘ng, vazir institut yosh olimlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion loyihalar taqdimoti bilan tanishib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, Farg‘ona shahrida tashkil etilgan “Yoshlar texnoparki” faoliyati o‘rganildi va qurilish jarayoni bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ushbu uchrashuv yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish, ularning bandligini ta’minlash hamda ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.