Xorijiy tajriba, yangi bilimlar oliy ta'limda keng imkoniyatlar yaratadi
2025-02-04 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari
![Xorijiy tajriba, yangi bilimlar oliy ta'limda keng imkoniyatlar yaratadi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fe447a55a-4cdd-9423-e9c3-8e8edc615a18_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining Malayziyaga oliy darajadagi tashrifi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, innovatsion texnologiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Globallashuv jarayoni jadallashayotgan hozirgi davrda oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, oliy ta’lim tizimidagi integratsiya O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlaridan biri sifatida ilgari surilmoqda. Oliy ta’lim sohasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sezilarli darajada rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu hamkorlik ikki mamlakat ta’lim tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro maydonda integratsiyalashuvini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Malayziya universitetlari bilan hamkorlik, ilmiy aloqalarni rivojlantirish va talabalarga xalqaro bilim olish imkonini taqdim etmoqda. Hozir O‘zbekiston va Malayziya oliygohlari o‘rtasida 94 ta bitim, shartnoma va kelishuv amal qilmoqda. Bu hamkorlik fan va ta’lim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga yordam beradi.
Oliy ta’lim sohasidagi aloqalar ikki davlatning strategik manfaatlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Malayziyaning innovatsion ta’lim metodlari va xalqaro tajribasi o‘zbekistonlik talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatdagi ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga hissa qo‘shadi. Shu bois, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining 195 professor-o‘qituvchisi malaka oshirish uchun Malayziya oliy ta’lim tashkilotlariga yuborildi. O‘z navbatida, Malayziya hamkor oliygohlari va ta’lim tashkilotlarining 230 professor-o‘qituvchisi o‘quv jarayoniga jalb etilgan. Malayziyaning texnikaviy hamkorlik dasturi (MTSP) doirasida 2016-yildan buyon O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining 200 dan ziyod (2024-yilda 15 nafar) professor-o‘qituvchisi tajriba almashish, stajirovka o‘tash, turli sohalardagi o‘quv kurslarida ishtirok etish maqsadida Malayziyada bo‘ldi.
Mamlakatimiz yoshlari uchun Malayziya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyati kengaydi. Ayniqsa, muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalaridagi ta’lim dasturlari talabalar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bundan tashqari, Malayziyaning O‘zbekistondagi ta’lim forumlari va ko‘rgazmalari ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga yordam bermoqda. Bugun O‘zbekistonning 500 ga yaqin fuqarosi Malayziya oliy ta’lim muassasalarining turli yo‘nalishida tahsil olmoqda. Malayziya universitetlari tomonidan O‘zbekiston talabalari uchun ajratilayotgan grant va stipendiyalar ham ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim omillaridan. Ushbu grantlar orqali ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar xorijiy tajribani o‘rganish va kelajakda o‘z mamlakatida zamonaviy bilimlarni qo‘llash imkoniga ega bo‘lmoqda.
E’tiborga loyiq jihati shundaki, malayziyalik talabalarda ham yil sayin O‘zbekistonda ta’lim olish istagi shakllanib borayotir. Hozir “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Malayziya fuqarolari tahsil olmoqda. Shuningdek, o‘zaro hamkorlik doirasida qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Bu O‘zbekistondagi ta’lim tizimi sifati xorijiy davlatlarda ham e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
Hozir ikki davlat o‘rtasida ko‘plab qo‘shma ta’lim dasturlari va loyihalar amalga oshirilmoqda. Talabalar almashinuvi dasturlari va qo‘shma magistratura hamda doktorantura dasturlari shular jumlasidan.
“Petronas” texnologiya universiteti va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti o‘rtasidagi hamkorlik natijasida 2023-yilda o‘zbekistonlik 6 o‘qituvchiga “faxriy professor” unvoni berildi. Buxoro tabiiy resurslarini boshqarish instituti va INTI universiteti hamkorligida “Modellashtirish va prototiplashtirish” markazi tashkil etildi. Shuningdek, hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari hamda dual ta’lim tizimi joriy etilayotir.
Qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Bu borada muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Linkoln kollej universiteti o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi doirasida myenejment yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha talabalar 2+2 hamda 1+1 tizimi asosida o‘qishni davom ettirmoqda. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali va Linkoln universiteti o‘rtasida “Raqamli iqtisodiyot” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etilgan. Nukus davlat pedagogika instituti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti kabi ta’lim muassasalarida ham qo‘shma dasturlar doirasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Bugun yurtimizning 4 ta oliy ta’lim muassasasi Malayziya universitetlari bilan hamkorlikda 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda. Bu sa’y-harakatlar ta’lim turizmini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.
Qo‘shma ta’lim dasturlari O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan birga ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida madaniy va ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Istiqbolda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida dual ta’lim dasturlarini rivojlantirish ikki davlatning ta’lim sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Bu tizim talabalarga nazariy ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirish imkonini beradi. Dual ta’lim orqali talabalar zamonaviy bilim va ko‘nikmalar barobarida sohasi bo‘yicha muayyan tajribaga ham ega bo‘ladi. Bu esa ularning kelgusida ish bilan ta’minlanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik doirasida oliy muhandislik maktablarini tashkil etishga istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Oliy muhandislik maktablarining asosiy vazifalari zamonaviy talablarga mos ravishda belgilangan. Ular, avvalo, talabalarga tanlangan yo‘nalish bo‘yicha chuqur va zamonaviy bilim berish, ilmiy-tadqiqot, tahliliy, ijodiy hamda muloqot qobiliyatini rivojlantirishni o‘z ichiga olgan. Bu maqsadda ta’lim jarayoni “4+1” shaklida tashkil etilib, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarini o‘z ichiga olgan kompleks tayyorgarlik dasturlari joriy etiladi.
Shuningdek, muhandis-texnik kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Hamkor korxonalarning ehtiyojini hisobga olgan holda yuqori texnologiyalar va ko‘p tarmoqli ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qodir, jamoaviy ishlay oladigan “muhandis-tadqiqotchi” malakasiga ega kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa etib belgilanadi. Ta’lim jarayoniga yetakchi mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb qilinadi. O‘qitishning zamonaviy usullari, jumladan, loyihaviy ta’lim, muammoli o‘qitish texnologiyalari va amaliy tadqiqotlardan foydalanish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish va innovatsion loyihalar ustida ishlash maqsad qilib olinadi.
Ta’lim standartlari sohasidagi hamkorlik doirasida Malayziyaning o‘qitish sifatini ta’minlash tajribasi ham chuqur o‘rganilmoqda. O‘quv dasturlari va uslubiy materiallar almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, Malayziya oliy ta’lim standartlari O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich moslashtirilmoqda. Mazkur jarayonda innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga molik. Qo‘shma ilmiy loyihalar, konferensiyalar va seminarlar muntazam o‘tkazilib, ilmiy nashrlarda hammualliflik amaliyoti rivojlanmoqda. Malayziyaning innovatsion ekotizim yaratish borasidagi tajribasini o‘rganish va O‘zbekistonda joriy etish orqali startaplar, texnoparklar hamda innovatsion klasterlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan hamkorlik faol davom etmoqda. Xususan, Malayziyaning Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi bilan birga 2025-yilda 10 ta ustuvor yo‘nalishda amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar tanlovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Malayziyaning MRANTI markazi va Toshkentdagi INNO texnoparki o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlatning innovatsion rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Bu hamkorlik zamonaviy texnologiyalarni iqtisodiyotga integratsiya qilish, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish va xalqaro bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga qaratilgan. MRANTI va INNO texnoparki o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar tadqiqot infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnologiyalar va robototexnika, raqamli texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga qaratilgan. Bu hamkorlik O‘zbekistonda ko‘plab startap loyihalarning hayotga tatbiq etilishi va Malayziya texnologiyalarini yangi bozorlarga muvaffaqiyatli integratsiya qilishga yordam bermoqda. MRANTI va INNO texnoparkining birgalikdagi faoliyati ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga va xalqaro innovatsion platforma yaratishga xizmat qilmoqda. Bu hamkorlik O‘zbekiston va Malayziya bilan birga mintaqaviy va global rivojlanish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan ikki davlat hamkorligida atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va uglerod izini kamaytirishga qaratilgan tadqiqotlar bajarilishi kutilmoqda. Bu kabi loyihalar doirasida qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Malayziya olimlari o‘rtasida tajriba almashinuvi va stajirovkalar tashkil etilib, ilm-fan yutuqlarini o‘zaro bo‘lishish jarayoni yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston milliy universitetida o‘tkazilgan “Malayziya va O‘zbekiston: oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi seminar ikki davlat universitetlari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish va talabalar almashinuvini rivojlantirish bo‘yicha yangi istiqbollarni belgilashda muhim o‘rin tutdi.
Malayziyada innovatsion sohaga e’tibor tobora kuchayib bormoqda va bu borada sezilarli yutuqlarga erishilmoqda, innovatsion salohiyatni oshirishga yo‘naltirilgan izchil siyosat yuritilmoqda.
Bundan tashqari, Malayziya yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlik O‘zbekistonda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlarning sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Akademik almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlari orqali har ikki davlat talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun yangi bilimlar va tajriba almashish imkoniyatlari yaratilmoqda. Shu bilan birga, innovatsion loyihalar va texnoparklarning hamkorligi mamlakatlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashga turtki bo‘lib, global miqyosdagi taraqqiyotga yangi imkoniyatlar ochmoqda. Kelgusida ham ushbu hamkorlik ikki davlatning fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarini yanada chuqurlashtirib, ilmiy-ijodiy salohiyatni oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat ta’lim sohasidagi aloqalarni, balki umumiy madaniy va ilmiy munosabatlarni ham mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, kelajak avlod uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi, ikki davlatning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi.
Otabek MAHKAMOV,
oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari