Rasmiy munosabat
2024-12-05 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va zamonaviy milliy ta’lim modelini yaratish maqsadida 2019-yil 8-oktyabrda Prezidentimiz tomonidan “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
Ushbu hujjatning asosiy g‘oyasi va maqsadi milliy ta’lim tizimini chuqur isloh qilish, uni liberallashtirish va jahon ta’lim makoniga integratsiya qilishdan iboratdir.
Bu jarayonda muhim qadam sifatida ta’lim jarayoniga kredit-modul tizimi joriy etildi. Yevropa Ittifoqi davlatlarida yaxshi samara bergan ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) – Kreditlarni ko‘chirish va to‘plashning Yevropa tizimi asos qilib olindi.
Kredit-modul tizimining ahamiyati haqida so‘z yuritganda, uni joriy etish milliy ta’lim tizimiga xalqaro standartlarga mos qator muhim qoidalarni tatbiq etishni nazarda tutganini qayd etish joiz.
Avvalo, boshqaruvni markazlashtirishdan voz kechildi. Oliy ta’lim tizimida markazlashgan boshqaruv tizimini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati tug‘ildi. Shu maqsadda, 2020-yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi qonun asosida ta’lim boshqaruv organlari vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. Bu tizimni desentralizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Oliy ta’lim tizimida 28 ta davlat ta’lim standartlari o‘rniga 2 ta davlat ta’lim standarti – “Oliy ta’limning davlat ta’lim standarti. Asosiy qoidalar” va “Oliy ta’limning davlat ta’lim standarti. Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori” qoldirildi. Ular UNESCO tomonidan joriy etilgan “Ta’limning xalqaro standart klassifikatsiyasi” (TXSK 2011) va “TXSK: Ta’lim va kasbiy tayyorlash sohalari” (TXSK-S 2013) asosida qayta ishlab chiqildi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlandi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib ta’lim jarayoniga tatbiq etildi.
Oliy ta’limni turli shakllarda (kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy) tashkil qilish imkoniyatlari kengaytirildi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ta’lim xizmatlari ko‘lami yanada boyitildi va universitetlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratildi.
Kredit-modul tizimiga asoslangan yangi ta’lim modeli quyidagi afzalliklarni taqdim etadi:
1. Jahon ta’lim makoniga integratsiya. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun xalqaro akademik va ilmiy harakatchanlik imkoniyatlari kengaydi. Ushbu tizim diplomlar va ilmiy darajalarning xalqaro maydonda tan olinishini ta’minlaydi.
2. Talabalar mustaqilligi va mas’uliyatining oshishi: Talabalar uchun individual ta’lim trayektoriyalari yaratilib, tanlov fanlari orqali qo‘shimcha kompetensiyalarni egallash imkoniyati yaratildi.
3. Xalqaro hamkorlik imkoniyatlari. O‘quv dasturlarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qitish va xorijiy mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb qilish imkoniyatlari yaratildi.
Ushbu islohotlar natijasida O‘zbekistonning oliy ta’lim tizimi tubdan o‘zgarib, markazlashtirilgan va standartlashtirilgan tizimdan mustaqil va xalqaro talablarga javob beradigan tizimga aylandi. Ta’lim jarayonida kredit-modul tizimidan foydalanish nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda yuqori baholanadigan mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.