Rasmiy munosabat
2024-11-29 17:35:00 / Rasmiy munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga asosan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish belgilangan.
Attestatsiyaning asosiy prinsiplari majburiylik, davriylik, oshkoralik, kengashib ish ko‘rish hamda xolislikdan iborat bo‘lib, attestatsiyaning maqsadi pedagog kadrlarining o‘z fanini bilishi, faoliyati samaradorligi, pedagogik mahorati, psixologik tayyorgarligini o‘rganish va xolisona baho berish hamda ularni rag‘batlantirishdir.
Pedagog kadrlarni davriylik asosida attestatsiyadan o‘tkazish ularning o‘z fanini bilish darajasini yaxshilaydi va attestatsiya natijasiga ko‘ra malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarning oylik maoshlarini oshiradi.
Joriy yilning 18-23-noyabr kunlari kasbiy ta’lim tashkilotlari va akademik litseylarining 4555 nafar pedagog kadrlari attestatsiyaning test sinovlaridan o‘tkazildi.
Attestatsiya natijalariga ko‘ra, test sinovlarida qatnashgan pedagog kadrlarning 2 191 nafari (48,1 %) ijobiy natija (toifasi oshgan), 2 088 nafari (45,8 %) qoniqarli natija (toifasi saqlangan), 276 nafari (6,1 %) salbiy natija (toifasi tushgan) qayd etgan.
Yuqoridagi qarorga muvofiq pedagog kadrlar oliy ma’lumot olganligi yoki qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi diplomda ko‘rsatilgan tayyorlov, ta’lim yo‘nalishi, mutaxassislik yoki ixtisosligiga mos keladigan o‘quv fanlar bo‘yicha attestatsiyadan o‘tishi belgilangan.
Shuningdek, qaror bilan pedagog kadrlarni o‘quv fani bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun 40 ta test topshirig‘i berilishi va har bir to‘g‘ri bajarilgan test topshirig‘i 2 ball bilan baholanib, test sinovlari uchun jami 80 ball berilishi belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, ekspertlar tomonidan test savollarini tuzishda amaliyotda qo‘llanib kelinayotgan adabiyotlardan foydalanilganligi eslatib o‘tiladi.