“Tortishish nuqtasi” ilgʻor koʻnikmalarni rivojlantirish markazi ochildi
2024-12-19 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirning birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev ochib berib, markaz yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi bosqichi ehtiyojlaridan kelib chiqib, muhandislik taʼlimi modernizatsiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Biz yaqin yillarda mamlakatning yuqori texnologiyali sanoat salohiyatini yanada yuqori bosqichga koʻtarishni maqsad qilganmiz. Hozirda Oʻzbekistonda zamonaviy ishlab chiqarishlar tashkil etildi, ularga yuqori malakali muhandislar zarur, dedi vazirning birinchi oʻrinbosari. – Endigi bizning vazifamiz energetika, metallurgiya, mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, muqobil energiya manbalari, atom energetikasi, neft-gaz ishlab chiqarish, temir yoʻllar qurilishi, toʻqimachilik sanoati kabi sohalar uchun yangi ishlab chiqarishlar kadrlarini tayyorlashdir.
Ushbu markazni tashkil etishdan maqsad – umumiy va qoʻshimcha texnik taʼlim dasturlarini ilgari surish, shuningdek, iqtisodiyotning texnologik sektoridagi kompaniyalar, yetakchi tadqiqot institutlari hamda politexnik universitetlarni oʻzaro hamkorlikka jalb qilishdir.
“INNO” oʻquv-ishlab chiqarish texnopark hududida birinchi kompetensiyalar markazi – “Tortishish nuqtasi”ning ochilishi Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi bilimlar, texnologiyalar va innovatsiyalarni birgalikda yaratishga qaratilgan hamkorlikning yangi bosqichini belgilaydi.
Ikki davlat ilm-fan va taʼlim sohasida uzoq yillik samarali hamkorlikka ega. Oʻzbekiston va Rossiya olimlari oʻrtasidagi fundamental tadqiqotlar va amaliy texnologiyalar sohasidagi qoʻshma ishlar qator muhim ilmiy kashfiyotlar hamda amaliy natijalarga olib kelgan. Masalan, geologiya, qishloq xoʻjaligi va aniq fanlar sohasidagi qoʻshma tadqiqotlar ikki mamlakatning rivojiga hissa qoʻshib, ilm-fan salohiyatini mustahkamladi.
“Tortishish nuqtasi” markazi gʻoyalar, iqtidorlar va imkoniyatlarni oʻziga jalb etuvchi innovatsion maydonga aylanishi kutilmoqda. Uning asosiy missiyasi – yosh iqtidorli avlod, tajribali olimlar va ilgʻor mutaxassislarni zamonaviy muammolarga yechim topish yoʻlida birlashtirishdan iborat.
Ochilish marosimdan soʻng tadbir ishtirokchilari yalpi majlisda ishtirok etib, “Tortishish nuqtasi” markazi orqali amalga oshirilishi kutilayotgan strategik hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Xususan, markaz faoliyatining istiqboldagi modellari, rejalar va kutilayotgan natijalar, shuningdek energetika, metallurgiya, mashinasozlik, konchilik, muqobil energiya manbalari, atom energetikasi, neft-gaz ishlab chiqarishi, temir yoʻl qurilishi, toʻqimachilik, uy-joy qurilishi sohasini raqamlashtirish kabi masalalar muhokamalar markazida boʻldi.