Dunyoning yuzdan ziyod tibbiyot oliygohlari talabalari Samarqandda jam boʻldi
2024-12-13 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorovning video tabrigi namoyish etildi.
Soʻzga chiqqanlar bu kabi nufuzli bellashuvlar talabalar bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazish bilan birga yoshlarning oʻzaro fikr va tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkonini berishi bilan ham ahamiyatli ekanini taʼkidladilar.
Ochilishning keyingi qismi bayramona ruhda davom etib, qiziqarli chiqishlar va kuy-qoʻshiqlar barcha ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashdi.
Qatnashchilar ikki bosqichda — test sinovlari va amaliy topshiriqlarni bajarish shartlari asosida bellashmoqdalar.
Oʻz navbatida, Samarqandda jam boʻlgan ishtirokchilar jahon standartlari talablariga javob beruvchi 7-avlod simulyatsiya robotlari orqali oʻz koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazishmoqda.
Oʻzbek, rus va ingliz tillarida ish olib borayotgan olimpiada doirasida yurtimizdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari va xorijiy tibbiyot kollejlari oʻquvchilari oʻrasida ham xalqaro olimpiada tashkil qilinmoqda.
Shuningdek, talabalar uchun chet ellik va oʻzbekistonlik yetakchi mutaxassislar tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari hamda boshqa dolzarb masalalarga bagʻishlangan seminarlar, mahorat darslari oʻtkazilmoqda.